Times: Rossiya va Xitoy qurollarda ustunlik bo‘yicha poygada AQShni ortda qoldirdi

Jahon 16:59 / 18.01.2019 25437

Rossiya va Xitoy qurollarda ustunlik bo‘yicha jahon urushida Qo‘shma Shtatlarni ortda qoldirdi, deb yozadi Britaniyaning The Times gazetasi.

Yangi qurollanish poygasi boshlanib bo‘ldi va kosmos bunda so‘nggi bosqichga aylandi, deya ta'kidlaydi Times. AQSh prezidenti Donald Trampning kosmosda joylashtiriluvchi raketalardan mudofaa tizimi to‘g‘risidagi bayonoti Rossiyada va Xitoyda ishlab chiqilgan «ekzotik qurollarning yangi avlodi» tomonidan shakllanayotgan va ortib borayotgan tahdidga javob sanaladi, deb yozadi Britaniya gazetasi. Biroq, shunga qaramay, Qo‘shma Shtatlar sayyoradagi eng qudratli harbiy kuchga ega davlat bo‘lib qolmoqda, deyiladi materialda.

Rossiya va Xitoy Amerikaning harbiy ustunligini «ortda qoldirish va bosib qo‘yish»da yordam berishi kerak bo‘lgan qurollarni rivojlantirishni moliyalashtirishda sezilarli yutuqlarga erishdi, deya qo‘shimcha qiladi Times.

Sovuq urushdan keyin Moskva va Pekin Vashington bilan qurollanish poygasida ancha ortda qolgandi. Biroq, AQSh endi barcha yo‘nalishlarda harbiy ustunlikka ega emas. Ba'zi joylarda amerikaliklar orqada qolmoqda - bu gipertovushli qurol va sun'iy idrok, aynan shu yo‘nalishlarga Rossiya va Xitoy katta sarmoyalar kiritdi, deb yozadi gazeta.

Rossiya gipertovushli qurolining rivojlanishi Pentagonga ta'sir qildi, deya ta'kidlaydi nashr. Kosmik kuchlarni tashkil etish haqida buyruq bergan Tramp, katta ehtimol bilan, Amerikaning avvalgi harbiy ustunligini qayta tiklash uchun kurashadi, deb yozadi gazeta.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OAV Rossiya va Xitoy qurollarning «to‘rtinchi o‘lchoviga» erishgani haqida xabar bergandi.

Ko‘proq yangiliklar: