Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga tashrifi yakunlandi. Prezident Toshkentga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston 16:10 / 18.01.2019 29702

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-18 yanvar kunlari amaliy tashrif bilan Hindistonda bo‘ldi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining o‘tgan yili oktabr oyidagi Hindistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarning amaliy ijrosi bilan bog‘liq masalalar, shuningdek O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqilgan.

Davlat rahbarlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika tarmog‘i, zargarlik sanoati, qishloq xo‘jaligi, sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish va boshqa yo‘nalishlardagi ustuvor loyihalar va hamkorlik dasturlari amaliy ijrosini jadallashtirish zaruriyatini qayd etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni faol rivojlantirish yo‘lida qat'iy ekanliklarini tasdiqladilar.

Shuningdek, prezident “Jo‘shqin Gujarat” xalqaro sammitida ishtirok etdi. U Gujarat shtati qadimdan savdo va tadbirkorlikda yetakchi hudud bo‘lib kelgani, mazkur sammit ana shu an'analarni davom ettirib, zamonaviy Hindistonning biznes ruhini namoyon qilayotganini ta'kidladi. 

Davlat rahbari Hindiston bilan uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash - O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida qayd etib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlat rahbari informatsion texnologiyalar, dasturiy ta'minot, qishloq xo‘jaligi, qayta tiklanadigan energiya hamda ushbu sohalar mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni taklif etdi. Bu bo‘yicha dastlabki harakatlar boshlangan, Toshkent shahrida qo‘shma texnopark tashkil etiladi. 

Sarmoyadorlarni O‘zbekistonga jalb qilish uchun eng qulay sharoitlar yaratilishini alohida qayd etdi. 

Davlat rahbari 2020 yilda Hindistonda «O‘zbekiston madaniyati yili»ni hamda O‘zbekistonda «Hindiston madaniyati yili»ni o‘tkazish, joriy yilda yurtimizda o‘zbek-hind Yoshlar festivalini tashkil qilishni taklif etdi. 

Prezident Hindistonga tashrifni yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: