PFL Sport bo‘limi xodimi ta'magirlik qilgani uchun qo‘lga olindi

Sport 17:35 / 18.01.2019 13265

Professional futbol ligasi Sport bo‘limi mutaxassisi  R.K ta'magirlik bilan shug‘ullanayotgani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, u Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani "Ittifoq" jamoasini Pro-liganing "V" ligasida ishtirok etishi uchun litsenziyalashdan o‘tkazib berish evaziga 2 500 AQSh dollari miqdorida pora so‘ragan. 

Bu haqida xabar topgan O‘FA Futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi Toshkent shahar prokuraturasining Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash departamenti bilan hamkorlikda maxsus tadbir o‘tkazdi. Tadbir natijasida  R.K O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi yonida 1 500 AQSh dollarini olayotgan paytda qo‘lga olindi. 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi hal qilinmoqda. 

Qayd etilishicha,  R.K va uning ta'magirlikka qo‘l urgan jinoiy sheriklari qonun oldida javob beradi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi kimki poraxo‘rlik, ta'magirlik orqali o‘zbek futboli rivojiga to‘sqinlik qilishga urinadigan bo‘lsa, qonunda belgilangan qat'iy jazoga tortilishi bo‘yicha ogohlantiradi.

Ko‘proq yangiliklar: