Koreyaning eng zamonaviy kutubxonalaridan biri – Janubiy Koreya Milliy smart kutubxonasiga sayohat

Light 22:57 / 16.01.2019 18324

Sejong shahrida joylashgan Milliy kutubxona Koreya milliy kutubxonasining birinchi filiali sanalib, u aynan Koreyaning multifunksional-adminstrativ shahrida qurildi.

Taniqli Samoo Architecs & Engineers tomonidan barpo etilgan majmuaning tashqi qiyofasi varaqlanayotgan kitobning shaklini yodga soladi va o‘zining noodatiy dizayni tufayli osonlik bilan kitoblar makonini topib olish imkonini beradi. Shuningdek bino arxitektura dizayni koreyaliklarning o‘z qadimiy bino va inshootlarining dizaynini eslatadi deb o‘ylayman. Bu esa Koreya xalqining o‘z tarixini unutmaganligini va qadimiy arxitektura bilan xay-tek uslublarini uyg‘unlashtirib, yangicha yondashuvlardan foydalanishayotganligidan dalolat beradi.

Sejong kutubxonasi nafaqat turli-tuman sohalarga bag‘ishlangan kitoblarni o‘zida jamlagan zamonaviy maskan, balki kitobxonlar qulayligi uchun eng ilg‘or raqamli texnologiyalarni o‘zida mujassam etgan mukammal majmua hisoblanadi. Shu sababli ham kutubxonaga “E-BRARY”, (ya'ni emotion –emotsiya, library – kutubxona) nomi berilgan.   

Bu yerda odamlar hamisha gavjum bo‘lib, foydalanuvchilar tashrifining keti uzilmaydi. Mahalliy aholi va talabalar uchun esa allaqachon sevimli maskanga aylanishga ulgurgan.  Kutubxona ichida turli bo‘linmalarga bo‘lingan keng va yorug‘ zonalar mavjud bo‘lib, siz istalgan yerda kitob o‘qishingiz, ishlaringiz bilan mashg‘ul bo‘lishingiz mumkin. Shuningdek, ko‘rgazmalar zalida kutubxona mehmonlari o‘z qo‘llari bilan ajoyib ijod namunalarini yaratishlari mumkin.

Kutubxonada Wi-Fi’dan foydalanish oson bo‘lib, zamonaviy texnik qurilmalar orqali muhim ishlarni ham bitirish mumkin. Agarda zarur qo‘ng‘iroq bo‘lib qolsa, atrofdagilarga xalaqit bermaslik uchun maxsus telefon budkalari o‘rnatilgan. Ishonch hosil qilish maqsadida qo‘ng‘iroq amalga oshirib ko‘rdim va tashqaridagi do‘stim ovozimni umuman eshita olmaganligini aytdi. Bu budkalar tovush o‘tkazmaydigan qilib yasalgan.  

Ta'kidlash joizki, koreyaliklar energotejamkorlikka va qayta tiklanuvchi energiya manbaalaridan foydalanishga juda katta e'tibor berishadi. Shuning uchun, ko‘pgina katta bino va inshootlarda quyosh panellaridan va kichik shamol parraklaridan elektr energiyasini ishlab chiqarishda foydalanishadi.

Kutubxona ma'muriyati esa bino qancha elektr energiyasi ishlab chiqardi va qancha sarf etganligini onlayn rejimida ko‘rsatib turuvchi tablo o‘rnatgan. Bu o‘z navbatida Koreyada davlat tashkilotlarining elektr energiyasi bo‘yicha sarf-xarajatlarning shaffofligini ko‘rsatib turish mexanizmi borligi va “yashil va smart iqtisodiyot”ga o‘tilayotganligidan dalolat beradi. 

 

 Bolajonlar uchun maxsus hudud mavjud bo‘lib, turli mavzulardagi adabiyotlarni topib, o‘qish mumkin. Hattoki, ota-onalar ham farzandlari bilan kitob mutolaa qilib, vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga oshiqishadi. 

Darvoqe, mazkur fotoreportaj Kun.uz’ning Janubiy Koreyalik muxbiri tomonidan 2018 yil 31 dekabr kuni tayyorlandi.

Yangi yil kirib kelishiga bir necha soat qolgan bo‘lsa-da, kutubxona katta-yu kichik yoshdagi insonlar bilan gavjum edi. Koreyaliklarning kitobga bo‘lgan muhabbati, bilimga bo‘lgan ishtiyoqini shundan ham payqash sir emas.  

Agarda sizning ham yo‘lingiz Koreyaning yangi “smart” shahriga tushib qolsa, markazda qad rostlagan kutubxonaga tashrif buyurishni unutmang. Bu yerda siz ilm va texnologiyaning betakror uyg‘unligiga guvoh bo‘lasiz. 

Feruza Avazova 
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: