O‘zmilliybank KfW IPEX-Bank (Germaniya) bilan 100 million yevro miqdoridagi shartnoma imzoladi 

Iqtisodiyot 12:48 / 15.01.2019 4795

2019 yil 14 yanvar kuni Berlinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga davlat tashrifi arafasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Germaniya biznes forumi doirasida O‘zmilliybank va Germaniyaning KfW IPEX - Bank o‘rtasida 100 mln. yevro miqdoridagi shartnoma imzolandi. 

O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida iqtisodiyotning barcha istiqbolli yo‘nalishlarida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish imkonini beradigan Yevropa texnologiyalari negizidagi loyihalarga katta e'tibor qaratilmoqda. 

Imzolangan bitim KfW IPEX - Bank bilan O‘zmilliybank o‘rtasida yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun minimal summasi 5 mln. yevro va 10 yilgacha muddatga mo‘ljallangan uzoq muddatli kredit liniyasini taqdim etishda yangi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. 

Ushbu shartnomaning, boshqa Yevropa banklaridan jalb qilingan kredit liniyalari bilan taqqoslaganda, asosiy ustunligi - Germaniya va boshqa Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan yuqori texnologiyali Yevropa uskunalari va xizmatlari import qilishni ko‘zda tutgan iqtisodiyotning barcha sektorlari loyihalarini Euler Hermes, SACE va SERV kabi Eksport kredit agentliklari (EKA)  sug‘urta qoplamasi ostida moliyalashtirish hisoblanadi.

O‘zmilliybank va KfW IPEX - Bank hamkorligi O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga yangi sur'at bag‘ishlaydi, shuningdek, boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirishga xizmat qiladi. 

KfW IPEX-Bank KfW guruhining bank birligi bo‘lib, u 2008 yilda guruh a'zosi sifatida tashkil etilgan. KfW IPEX-Bankning asosiy vazifasi - loyiha va eksportni moliyalashtirish sohalarida Germaniya va Yevropadagi kompaniyalarning iqtisodiyoti va faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Bank aktivlari 30,1 mlrd. AQSh dollarini tashkil etadi. KfW IPEX-Bank butun dunyodagi qo‘plab yirik kompaniyalarini moliyalashtirishda sherik bo‘lib, Londondagi filial va Abu-Dabi, Istanbul, Yoxannesburg, Mexiko, Moskva, Mumbay, Nyu-York, San-Paulu va Singapurdagi vakolatxonalariga ega.

Sayt: www.nbu.uz

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: