​Zafar Hoshimov: Eng ideal soliq – iste'mol solig‘i​

Iqtisodiyot 12:06 / 14.01.2019 31795

Zafar Hoshimov soliq islohotlari tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlaganini ma'lum qilib, islohotning ijobiy va salbiy «kayfiyati»ga to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Chilonzor tumani davlat soliq inspeksiyasi mutasaddilari tomonidan tashkil etilgan noformal uchrashuv davomida tadbirkor va buxgalterlarga soliq sohasida joriy etilgan yangi tizim – qo‘shilgan qiymat solig‘i haqida batafsil ma'lumotlar berildi. Shuningdek, uchrashuv davomida dolzarb savollar yuzasidan fikr almashildi. 

Uchrashuvda ishtirok etgan Korzinka supermarketlari tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov «amalda bo‘lgan soliq tizimi, iqtisodiy nuqtai nazardan, boshi berk va noto‘g‘ri» bo‘lgani haqida gapirdi. 

«Ayrim faktlar bilan o‘rtoqlashsam, masalan, mehnatdan olinadigan soliq, shaksiz, mantiqsizlik edi. Iqtisodiyotning xususiy sektori ishchilarini yashirishga uringan yo «kulrang» sxemada maosh to‘lagan. Agar maoshlarni oshirib, «oq» yo‘l bilan buni amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz, kichik korxonalar 15, yirik korxonalar 25 foiz etib belgilangan soliq stavkasi bo‘yicha, bundan tashqari pensiya jamg‘armasiga 8 foiz mehnatdan soliq to‘lash zarurligi bunga yo‘l qo‘ymagan. Oxir-oqibat ishchi qo‘liga qog‘ozdagi raqamning yarmi borib tegardi», – deydi tadbirkor. 

Tarmoq asoschisining aytishicha, eng ideal soliq – iste'mol solig‘i. 

«AQShda ham tizim asta mana shu yo‘nalishga o‘tmoqda. Lekin uni joriy etish juda qiyin. Singapur esa tezkorlik bilan iste'moldan olinadigan soliq tizimini o‘zida joriy etmoqda. Mamlakatda korporativ soliqlar, korxonalar to‘laydigan soliqlar kamayib bormoqda va ular savdoda olinadigan soliqqa aylanmoqda. Xaridor do‘konda sotib olgan tovari uchun soliq to‘laydi. Unga qadar, barcha ishlab chiqaruvchi korxonalar soliq to‘lamaydi. 

Masalan, mehmonxona ehtiyojlari uchun zarur yostiq, buyumlar, idishlarni B2B tartibida sotib oladi. U soliq to‘lamaydi. Lekin mijozlarga xizmat ko‘rsatishda ana shu soliqlarni ko‘rsatib, iste'mol solig‘ini budjetga to‘laydi. Shuningdek, daromaddan soliq olish tartibi mavjud», – deydi Hoshimov.

O‘zbekistonda ham onlayn kassa apparatlar barcha savdo punktlarida tashkil etilsa, jamiyat ham mana shunday soliq olish tartibini joriy etishga tayyor bo‘lib boradi, deb hisoblaydi Hoshimov. Hozirgi sharoit bilan, barcha xaridlarni monitoring qilish imkoniyati, deyarli, yo‘q. Shuning uchun, tadbirkorlar orasida tuzilgan QQS zanjiri adolatli soliq to‘lash imkoniyatini beradi. U holda davlat barcha xarid va ishlab chiqarish jarayonini kuzatib turishga majbur emas, tadbirkorlarning o‘zi QQS zanjirida bo‘lishni istaydi.

Uchrashuvda buxgalterlar QQS hisoblash, avvalgi tizim munosabatlariga oid boshqa savollar bilan soliqchilar yuzlandi va muhokama shu tarzda davom etdi. 

Ma'lumot uchun, qo‘shilgan qiymat solig‘i – har bir ishlab chiqarish bosqichida  va realizatsiya jarayonida undiriladigan ko‘p qirrali bilvosita soliqdir. Bu soliq oborot solig‘idan farqli ravishda faqat qo‘shilgan qiymatdan undiriladi. Oborot solig‘i esa bir marotaba umumiy oborotdan, muomala jarayonining har bir bosqichidan olinar edi.

Ko‘proq yangiliklar: