Suvsizlikning 35 yili va meshkobchilar. To‘raqo‘rg‘ondagi Yettikon mahallasida ichimlik suvi qachon bo‘lgan va qachon bo‘ladi?

Jamiyat 14:22 / 14.01.2019 21899

Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumani, Yettikon mahallasidan tushgan murojaat kishini taajjublantirmay qolmaydi.

Qizig‘i, Yettikon mahallasi To‘raqo‘rg‘on tuman markaziga juda yaqin ekan.  Deyarli,  markaz atrofida.

Mahalla katta bo‘lib, unda 742 xonadon joylashgan. Mingdan ziyod oilalardagi aholi soni 5 ming nafar atrofida. Hududda umumta'lim maktabi va bolalar bog‘chasi faoliyat yuritadi. Mahalla o‘tgan asrning 80-yillari oxirida barpo bo‘lgan ekan.

Mahallada boshqa muammolar mavjud bo‘lsa-da, faqat ichimlik suvi masalasi og‘ir ekanligini ta'kidlashdi. Umuman olganda, ro‘zg‘orga eng ko‘p ishlatiladigan narsa bu –suv.

Qarangki, Yettikon mahallasida yashovchilar ko‘cha va xonadonlarida qachon suv oqqanini eslay olishmadi.

«Ko‘rib turibsiz, «Namangan arig‘i» bor. Lekin, uning suvi ichishga yaramaydi. Faqat idish-tovoq va kir yuvishga ishlaydi. Yuvinishga ham yaroqsiz. Sovun ham ko‘piklamaydi. Noilojlikdan shu ariq suvidan foydalanamiz. Necha yillar davomida murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Barchasi befoyda ketdi», deydi 63 yoshli Mahmudjon ota Nurmatov.

Aholi suvsizlikka shu darajada ko‘nikib ketibdiki, bu yerdagilar ro‘zg‘orda juda oz suv ishlatishar ekan. Yettikonda ichimlik suvi pulga sotib olinadi. Ajablanarlisi, To‘raqo‘rg‘on ichimlik suvi uchun quduq kavlansa, obi-hayot chiqmaydigan cho‘l hududi emas. Mutasaddilar tomonidan uzoq yillardan beri nima sababdan mazkur muammoni o‘rganish va hal qilish masalasi ko‘rilmayotgani ajablanarli.

«Respublika Adliya vazirligiga elektron tarzda murojaat qildik. Ular arizamizni o‘rganish uchun tuman adliyasiga jo‘natishibdi. Arzimiz bir aylanib kelgani qoldi. Natija yo‘q», deyishdi mahalla vakillari.

Yettikon mahalla fuqarolar yig‘ini idorasiga borib, rais Akromjon Azizovga uchradik. Oqsoqol muammoli holatga, «Yozda kanaldan suv ichamiz, muammo yo‘q. Shu kuz va qish oylarida qiyin bo‘lyapti», deya javob berdi. U kishidan hududdagi 4–umumiy ta'lim maktabi va MTM ichimlik suvini qaydan olayotganini so‘radik. Mutasaddi, har kuni mahallaga suv sotadigan avtomashinalar kelishi, ular ta'lim muassasalariga uch-to‘rt «kanistr» suvni tekinga berib ketishini aytdi.

Mahalladagi har bir uyda chelaklar va turli suv saqlash uchun idishlar jamlanmasi bor.

Qadimda «meshkobchi»lar bo‘lganini eshitganmiz. Bu kasb egalari hayvon terisidan tikilgan idishlarda buloqlardan suvni yelkasida olib kelib sotib tirikchilik o‘tkazgan. U vaqtlar texnika, ichimlik suvi tizimi qayda?

Buni qarangki, Yettikon mahallasida to‘rtta «meshkobchi» bor ekan. Faqat, ular «Moskvich» rusumli avtomashinalarga suv tashish moslamalari o‘rnatgan. Ko‘chalarni aylanib aholiga ichimlik suvi yetkazib beradi. Narxi qimmat emas, ham savobli ish. Asosiysi, suv tashiydiganlar sharoitdan kelib chiqib aholiga ko‘mak beryapti.

Ishonib bo‘lmaydigan holat... Mahalla oqsoqollari orasida Yettikonga 1988 yili ko‘chib kelgani, o‘sha paytdan beri hududga ichimlik suvi tizimi tortilmaganini aytishdi.

Yoshi ulug‘ insonlarning fikrini ko‘ziga qarab uqasiz. «Sizlar ham bir kelib ketasizlar, muammo baribir hal bo‘lmaydi…», degandek ishonchsizlik bilan qarashadi ular jurnalistga.

Mahallada yangi yosh avlod ulg‘aymoqda. Ular internet nashrlardan butun dunyo va yurtimizdagi o‘zgarishni o‘qib borishlari aniq. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar kirib bormagan qishloq qolmadi. Faqat, To‘raqo‘rg‘on tuman hokimi va uning mutasaddilari «oyog‘i yonginasidagi» Yettikon mahallasiga  yetib bormagani ajablanarli.

Mahalla ahli esa ularni intizorlik bilan kutyapti...

Elmurod Ermatov,

Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: