2018 yil IV choragida budjet tashkilotlaridagi noqonuniy xarajatlar 23 mlrd so‘mni tashkil etdi

Iqtisodiyot 17:29 / 14.01.2019 13395

Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2018 yilning IV choragida budjet tashkilotlarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijalari to‘g‘risida ma'lumot e'lon qildi.

Qayd etilishicha, 2018 yilning IV choragida hukumat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning topshiriqlari, jismoniy shaxslarning murojaatlari hamda reja asosida budjet tashkilotlarida jami 1 969 ta davlat moliyaviy nazorati tadbirlari o‘tkazildi. 

O‘tkazilgan nazorat tadbirlaridan 1 717 tasida moliyaviy intizomga rioya qilinmay sarflangan mablag‘lar 29 mlrd so‘mni, shundan kamomad va o‘zlashtirishlar 6 mlrd so‘mni, noqonuniy xarajatlar 23 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Nazorat tadbirlarini o‘tkazish jarayonida va uning natijalari yuzasidan berilgan ko‘rsatmalarga asosan aniqlangan 18,5 mlrd so‘m miqdoridagi noto‘g‘ri sarflangan mablag‘larni belgilangan tartibda tiklanishi ta'minlangan hamda 871 ta nazorat tadbirlari hujjatlari huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

Shuningdek, hisobot davrida budjet intizomini buzgan budjet tashkilotlarining 91 nafar rahbar va mansabdor shaxslari 59,8 mln so‘m miqdorida ma'muriy javobgarlikka tortildi.

Ko‘proq yangiliklar: