Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik rivojlantiriladi

O‘zbekiston 10:07 / 12.01.2019 4365

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Investitsiyalar bo‘yicha Davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo–sanoat palatasining sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikning quyidagi shakllarini va muddatlarini tatbiq etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin:

xususiy tibbiyot tashkilotlari binolarini qurish va doimiy foydalanish uchun bepul asosda yer uchastkalarini ajratish - doimiy;

mavjud davlat tibbiyot tashkilotlarini qaytadan qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash sharti bilan xususiy tibbiyot tashkilotlari obektlari qurish va doimiy foydalanish uchun bepul asosda yer uchastkalari taqdim etish – doimiy;

xususiy tibbiyot tashkilotlari binolarini qurish va vaqtincha foydalanish uchun bepul asosda yer uchastkalari taqdim etish – kamida 10 yil;

bo‘sh turgan davlat mulki obektlarini, shu jumladan faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat tibbiyot tashkilotlarining bino va inshootlarini maqsadli foydalanish uchun «nol» xarid qiymatida sotish - doimiy;

davlat tibbiyot tashkilotlarining foydalanilmayotgan, kam foydalaniladigan yoki rekonstruksiya qilish yoxud kapital ta'mirlashni (qayta jihozlashni) talab qiladigan mavjud bino, inshoot va tibbiy asbob-uskunalarini foydalanish uchun taqdim etish – kamida 10 yil;

konsessiya asosida bino qurish yoki rekonstruksiya qilish, jihozlash uchun mol-mulk va yer uchastkalarini ajratish– 15 yilgacha;

davlat tibbiyot muassasalarini xususiy sherikka ishonchli boshqaruvga topshirish – 15 yilgacha;

davlat tibbiyot tashkilotlarining ayrim funksiyalari yoki xizmatlarini tadbirkorlik sub'yektlariga autsorsing asosida o‘tkazish – 5 yilgacha;

xususiy tibbiyot tashkilotlarining ayrim funksiyalari yoki xizmatlaridan davlat tibbiyot tashkilotlarida shartnoma asosida foydalanish – 5 yilgacha;

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilab beriladigan boshqa shakllarda.

Davlat–xususiy sheriklik shakliga ko‘ra, xususiy sherikka quyidagi investitsiya majburiyatlari yuklatiladi:

davlat tibbiy muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va jihozlash ishlarini bajarish;

qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan imtiyozli toifadagi va ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan shaxslarga imtiyozli to‘lov hajmlarida yoki bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish;

davlat tibbiy muassasalari uchun yordamchi funksiyalarni, shuningdek davolash-profilaktika xizmatlarining sog‘liqni saqlash organlari tomonidan belgilangan alohida turlarini ko‘rsatish;

davlat–xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda ko‘zda tutiladigan boshqa majburiyatlar.

Davlat–xususiy sheriklik shakliga ko‘ra, davlat sherigining majburiyatlari quyidagilardan iborat:

bitimda belgilangan muddatlar, tartiblar va shartlar asosida xususiy sherikka yer maydonlarini, bo‘sh turgan, foydalanilmayotgan, kam foydalaniladigan yoki rekonstruksiya qilish yoxud kapital ta'mirlashni (qayta jihozlashni) talab qiladigan mavjud bino, inshoot va tibbiy asbob-uskunalarini foydalanish uchun taqdim qilish yoki “nol” qiymatda sotish;

bitimda ko‘zda tutilgan boshqa majburiyatlarga amal qilish;

xususiy sherikning xo‘jalik faoliyatini olib borishiga aralashmaslik.

Davlat sherigi zimmasida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi loyihalarni amalga oshirish Tanlov komissiyasi tomonidan tanlov asosida amalga oshiriladi.

Tanlov komissiyasi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

Davlat-xususiy sheriklikning aniq loyihalari bo‘yicha tashabbuskor bo‘lish;

Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birga DXSh bo‘yicha komissiyaga taqdim etilgan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini hisobga olgan holda baholash;

Davlat-xususiy sheriklikning aniq loyihalarini tasdiqlash, rad etish yoki qayta ko‘rib chiqish uchun hujjatni qaytarish bo‘yicha qarorlar qabul qilish;

Tender va tanlov hujjatlarini tayyorlash;

Tender va tanlov jarayonlarni tashkil qilish va o‘tkazish;

davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha barcha muhim moliyaviy va iqtisodiy jihatlarni hisobga olingan qarorni tasdiqlash;

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalariga asosan tuziladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat tomonidan sherik sifatida xususiy sherik bilan bitim tuzadi va xususiy sherik tomonidan bitim shartlarining bajarilishini nazorat qiladi.

Davlat–xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddati mobaynida xususiy sheriklarga ajratilgan tibbiy muassasalar faoliyatini davlat sherigi roziligisiz qayta o‘zgartirish taqiqlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: