Qonun loyihasi: o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish va majburan obuna bo‘lishini tashkil etish taqiqlanadi

O‘zbekiston 10:13 / 12.01.2019 11757

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi joylashtirildi.

Qonunning 12-moddasiga ko‘ra, o‘qituvchilarning dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf yoki guruh jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma'lumotlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘qituvchilarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.

O‘qituvchilarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish qonun bilan man etiladi.

13-modda - Mehnatga haq to‘lash. O‘qituvchining mehnatiga haq to‘lash mehnat shartnomasida (kontraktda) nazarda tutilgan funksional majburiyatlarni bajarganligi uchun to‘lanadi. Xodimning qo‘shimcha shartnoma asosida boshqa ishlar va majburiyatlarini bajarganligi uchun, amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomaga muvofiq alohida haq to‘lanadi.
O‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalari va lavozim maoshlari ta'lim sohasi bo‘yicha ixtisosligi, pedagogik ish staji, toifasi, ilmiy darajasi, davlat mukofotlari va unvonlari mavjudligi hisobga olingan holda belgilanadi.

O‘qituvchilar ish haqining boshlang‘ich darajasi eng kam ish haqining sakkiz baravaridan kam bo‘lmagan darajada belgilanadi.

«O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi» va «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta'limi xodimi» faxriy unvoni egalariga ustama ish haqi qonun hujjatlariga muvofiq to‘lanadi.

Umumta'lim maktablarida, maktabgacha va maktabdan tashqarida ta'lim muassasalarida faoliyat olib boradigan o‘qituvchilarga amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ustamalar belgilanadi.

Xodimdan qo‘shimcha pedagogik malakani talab etadigan mehnatning alohida sharoitlarida ishlaganlik uchun bazaviy tarif stavkasiga ustamalar qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

Tabiiy iqlim sharoiti noqulay bo‘lgan hamda respublikaning olis tog‘li va chekka hududlarida ishlaydigan o‘qituvchilarga davlat tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq ustamalar va imtiyozlar belgilanadi.

Ta'lim muassasalari ish haqi uchun budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari doirasida xodimlarga ustamalarni, moddiy rag‘batlantirish va kompensatsiyaning boshqa turlarini o‘rnatishi mumkin, shuningdek, ta'lim sifatini oshirish uchun o‘quv, metodik va ilmiy adabiyotlarni sotib olishga mablag‘ ajratadi.

14-moddaga (Ijtimoiy muhofaza) ko‘ra, davlat o‘qituvchilarga qulay mehnat va yashash sharoitlarini yaratib beradi, ularni ijtimoiy imtiyozlar bilan ta'minlaydi.

O‘qituvchilarga ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanadi, haqi to‘lanadigan yillik uzaytirilgan ta'tillar hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi.

Ta'lim muassasalari ish haqiga mo‘ljallangan mavjud mablag‘lar doirasida mustaqil ravishda stavkalar, mansab okladlariga tabaqalashtirilgan ustama belgilashga hamda mehnatga haq to‘lash va uni rag‘batlantirishning turli shakllarini qo‘llashga haqli.

Qishloq joylarida ta'lim muassasalarida faoliyatni amalga oshirayotgan o‘qituvchilar umumiy belgilangan yosh besh yilga kamaytirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqiga ega.

25 yil va undan ortiq mehnat stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar muddatidan oldin yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga ega.

Ko‘proq yangiliklar: