O‘zbekistonda yangi uy-joy siyosatini amalga oshirish asosida urbanizatsiya jarayonlari faollashtiriladi

O‘zbekiston 08:33 / 12.01.2019 16669

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan quyidagilar mamlakatda urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

mutlaqo yangi uy-joy siyosatini amalga oshirish asosida urbanizatsiya jarayonlarini faollashtirish, bunda muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmalar bilan ta'minlangan, ipotekani kreditlash va tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy resurslarini jalb qilish mexanizmlaridan foydalangan holda, shu jumladan, kam va o‘rta daromadli oilalar uchun arzonlashtirilgan turar joylarni qurishga yo‘naltirilgan investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus chora-tadbirlarni nazarda tutish;

jismoniy va yuridik shaxslar uchun turar joy va noturar joy bino 
va inshootlar ostidagi yer uchastkalariga egalik qilish huquqini amalga oshirishni kafolatlash, yer uchastkalarini fuqarolik muomalasiga kiritish uchun shart-sharoitlar yaratish;

migratsiya jarayonlarini ma'muriy tartibga solish tizimini takomillashtirish yo‘li bilan aholining qishloq joylaridan shaharlarga erkin harakatlanish uchun shart-sharoitlar yaratish;

yirik shaharlar aholisining farovonligini ta'minlash, iqtisodiy va sanoat resurslaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga ushbu shaharlar aholisini to‘liq va samarali bandligini ta'minlashga ko‘maklashish, shuningdek, hududlardagi oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari asosida texnoparklar tashkil qilish va ularning tizimini mustahkamlash;

avvalambor sanoat, xizmat va servis sohalarida aholining daromadlarini oshirish va barqaror ish joylarini yaratish omili sifatida aglomeratsiyalarning afzalliklaridan foydalanishni nazarda tutgan holda o‘rta shaharlarni, shu jumladan, tuman markazlarini boshqarishda ilg‘or xalqaro tajribani keng joriy etish;

yirik shaharlarga tutash bo‘lgan va qulay transport aloqasiga ega yo‘ldosh-shaharlar tarmog‘ini kengaytirish, yirik shaharlarning markaziy qismida sanoat va boshqa zonalar hududlarini qisqartirgan holda ijtimoiy-ishbilarmonlik zonalar hududlarini kengaytirish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega bo‘lishi xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: