«O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi

O‘zbekiston 10:00 / 12.01.2019 59462

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi joylashtirildi.

Ushbu Qonunning maqsadi o‘qituvchilik faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish va o‘qituvchilarning huquqiy maqomini to‘liq ifodalashni, uning kasbiy faoliyati, ijtimoiy-iqtisodiy mavqei, ijtimoiy himoya kafolatlarini joriy etishni ta'minlaydigan shart-sharoitlarni yaratishdan iborat.

O‘qituvchi pedagogik faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardir:

  • o‘quv va ta'limning insonparvarlik xarakter kasb etganligi, ta'lim oluvchining huquq va erkinliklariga, milliy madaniy an'analarga hurmat bilan qarash;
  • qonun talablarining ustuvorligi;
  • o‘quvchilarni tayyorlash, o‘qitish, tarbiyalashga shaxsan yo‘naltirilgan yondashuv;
  • umuminsoniy va axloqiy qadriyatlarga rioya qilish;
  • vatanga muhabbat, yuqori fuqarolik pozitsiyasi, xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ruhida o‘quvchilarni tarbiyalash;
  • ta'limning uzluksizligi;
  • pedagogik faoliyat usullari va shakllarini tanlash erkinligi;
  • ta'lim prinsiplarining yagonaligi;
  • ilm-fan, texnika va madaniyatning eng so‘nggi yutuqlari asosida o‘z bilimlarini takomillashtirib borish;
  • bolalar va yoshlar birlashmalari, mehnat jamoalari, shuningdek faoliyatlari amaldagi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan manfaatdor davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik.

O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchilarning huquqiy maqomi jamiyat tomonidan tan olinadi va ularning kasbiy faoliyatini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratiladi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi hamda ijtimoiy mavqei va obro‘-e'tiborini oshirish uchun huquq va erkinliklar beriladi.

Pedagogik ishlarning shartlari va xususiyati o‘qituvchi maqomini, o‘qituvchining huquqlarini, majburiyatlarini va javobgarligini o‘z ichiga olgan shuningdek ularni amalga oshirish kafolatlarini belgilaydi.

O‘qituvchi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari bilan mustahkamlangan fuqarolarning barcha huquq va erkinliklariga ega.

Maktab tizimining tashkil etilishi butunlay yoki qisman o‘zgartirilgan bo‘lsa ham, o‘qituvchining rasmiy maqomining barqarorligi davlat tomonidan kafolatlanadi.

O‘qituvchi maqomiga davlat va nodavlat maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari ta'lim muassasalarida ishlaydigan zarur kasbiy ta'lim va tegishli malakaga ega bo‘lgan fuqarolar ega bo‘ladi.

Tegishli ma'lumoti, kasbiy tayyorgarligi bor va yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar o‘qituvchi sifatida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.

Pedagogik ta'lim va malakaga ega bo‘lmagan shaxslarga pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi tegishli fan yo‘nalishi bo‘yicha pedagogik qayta tayyorlash o‘tganidan so‘ng beriladi.

Pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan sud hukmiga ko‘ra yoki tibbiy xulosaga asosan mahrum qilingan shaxslarning davlat va nodavlat ta'lim muassasalarida o‘qituvchi maqomiga ega bo‘lishiga va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yetarli malakaga ega bo‘lmaganligi sababli, shuningdek ta'lim faoliyati prinsiplariga zid bo‘lgan axloqsiz xatti-harakatlar o‘qituvchilik maqomidan mahrum qilish amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

O‘qituvchilar yakka tartibda pedagogik faoliyat (repetitorlik) bilan shug‘ullanishi mumkin.

Asosiy ish joyi sifatida muayyan davlat ta'lim muassasasida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilar yakka tartibda pedagogik faoliyat (repetitorlik) bilan asosiy ishidan bo‘sh vaqtida shug‘ullanishi mumkin.

Yakka tartibda pedagogik faoliyatni amalga oshirish yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari sirasiga kiradi hamda litsenziya olish talab etilmaydi.

Yakka tartibda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi o‘qituvchilar, shu faoliyat bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga olgan daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etish orqali soliq to‘laydi.

Yakka tartibda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi o‘qituvchi pullik ta'lim xizmatini ko‘rsatishni boshlashdan oldin ta'lim oluvchilarga, ularning ota-onalari (qonuniy vakillari)ga o‘zining kasbiy ma'lumoti, umumiy pedagogik ish staji va individual pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan muddati va lozim bo‘lsa o‘zi amalda qo‘llaydigan pedagogik uslub va texnologiyalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim etadi.

O‘qituvchi sifatida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi millati, jinsi, ijtimoiy kelib chiqishi yoki diniy e'tiqodidan qat'i nazar, qonun hujjatlari bilan belgilanadigan zarur kasbiy ta'lim va tegishli pedagogik kadrlarga ega bo‘lgan shaxslarga beriladi.

O‘qituvchi o‘z kasbiga doir faoliyatini amalga oshirish chog‘ida:

  • ta'limni boshqarish bo‘yicha maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan tasdiqlangan davlat ta'lim standartlariga muvofiq o‘quv rejalari, o‘qitish metodlari va usullarini, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini tanlash erkinligi;
  • yangi mualliflik dasturlari, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini yaratishda ishtirok etish;
  • yangi ilg‘or uslublar va metodlarni yaratish, ulardan foydalanish, ilmiy-pedagogik tajribalar o‘tkazish, amaliyotda ilg‘or pedagogik tajribalarni joriy qilish;
  • pedagogik faoliyatda yangi ilg‘or uslublar va metodlarni yaratganlik, ulardan foydalanganlik va joriy qilganlik uchun rag‘batlantirilish;
  • kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun yetarli sharoitlarning yaratilishini talab qilish;
  • ta'lim tashkilotining ichki me'yoriy hujjatlarida belgilangan tartibda o‘quv, metodik va ilmiy yo‘nalishlardagi xizmatlardan bepul foydalanish;
  • amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yakka tartibda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish;
  • malaka toifasini oshirish maqsadida attestatsiyadan o‘tish;
  • qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda o‘rindoshlik asosida ishlash;
  • o‘quvchilar bilan ishlashda ularning ota-onalari, qonuniy vakillari yoki vasiylari, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamjihatlikda ishlash;
  • ta'lim muassasasining ustavi (ta'sis hujjati)da belgilangan tartibda uni boshqarishda, shu jumladan, kollegial boshqaruv organlarida ishtirok etish;
  • ta'lim muassasasi faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muhokama etishda, shu jumladan, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari orqali ishtirok etish;
  • sha'ni va qadr-qimmati, odob-axloq me'yorlari buzilishini tekshirishda xolisona va adolatli yondashuvni talab qilish;
  • o‘z fikrini bayon etish va kasbiy daxlsizlik;
  • pedagogik asoslangan shakllar, vositalar, o‘qitish va tarbiyalash usullarini tanlash va ulardan foydalanish;
  • o‘quvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda bevosita yoki bilvosita ishtirok etish huquqlariga ega.

O‘qituvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

O‘qituvchining huquqlari, sha'ni va qadr-qimmati qonun bilan qo‘riqlanadi.

Davlat o‘qituvchiga o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta'minlaydi.

O‘qituvchining kasbiy faoliyatiga ota-onalar, tegishli vakolatga ega bo‘lmagan idora va tashkilotlar bevosita aralashish huquqiga ega emaslar.

O‘qituvchilarning etika (kasbga oid odob-axloq) qoidalari o‘qituvchining shaxsiga va o‘z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog‘ida uning xulq-atvoriga qo‘yiladigan talablarni belgilovchi qoidalar majmuidan iboratdir.

O‘qituvchilarning kasbga oid odob-axloq qoidalari ta'limni boshqarish bo‘yicha maxsus vakolat berilgan davlat organlari, o‘qituvchilarning kasaba uyushmalari tomonidan belgilanadi.

O‘qituvchilarning kiyinishiga qo‘yiladigan talablar ta'lim tashkilotlari tomonidan belgilanishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: