«Paxta qilaman, g‘alla qilaman deb o‘tirish bo‘lmaydi». Samarqand viloyatida paxtachilik to‘liq klasterlarga topshiriladi

O‘zbekiston 18:00 / 11.01.2019 39076

Samarqand viloyatida paxta yetishtirish sohasi 2019 yildan to‘liq klasterlarga beriladi. Kun.uz muxbiri xabar berishicha, bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi vaqtida aytib o‘tgan.

«Hududlarda ahvol qiyin. Vaziyatni yaxshilash uchun tumanlarga investitsiya kirishi kerak. Mahalliy budjetda pul bo‘lishi kerak. Ishtixonda aholining yashash sharoitlari qachon yaxshilanadi? Tumanda katta-katta korxonalar ochilsa, mahalliy budjetga pul tushsa. Shunda yo‘l ham tuzaladi, shifoxona ham, maktab ham bo‘ladi, svet ham bo‘ladi, ko‘mir ham bo‘ladi. Hammasi bo‘ladi. Lekin biz 27 yil mahalliy budjetga bir tiyin pul bermay kelganmiz. Men ham Samarqandga hokim bo‘lganman, ko‘p harakat qilardik, qo‘shimcha ham ishlardik, lekin pul berilmasdi. Ishlagan ham bir darajada, ishlamagan ham bir darajada edi. Bunaqada, raqobat bo‘lmasa, rivojlanish bo‘larmidi?

Endi qonunni o‘zgartirdik. Respublika bo‘yicha 5,5 trln so‘m mahalliy budjetlarga qoladigan bo‘ldi. Pul bo‘lsa, rivojlanish bo‘ladi.

Hali bu birinchi qadam. Odamlarda hali muammo juda ko‘p. Uylar qurilishi kerak, yo‘llar talab darajasida emas. Maktablarda parta yo‘q, odamlarning tomidan suv o‘tib yotibdi, svet yo‘q. Bularga ko‘z yumib bo‘lmaydi.

3-4 yil shu tarzda ishlashimiz kerak. Tumanlarga tashqaridan investitsiya olib kirib, ishchi o‘rinlari qilsak, shunda budjetga pul tushadi. Paxta qilaman, g‘alla qilaman deb o‘tirsak bo‘lmaydi.

Samarqand viloyatida paxtani 100 foiz klasterlarga topshiramiz.

Paxta yetishtirish xususiy bo‘ladi. Paxta zavodiyam o‘ziniki bo‘ladi, yog‘ zavodiyam o‘ziniki bo‘ladi. Shunday qilmasak, iqtisodiyotni joyiga qo‘ya olmaymiz.

Men qancha vaqt hokim bo‘lgan bo‘lsam, faqat paxta bilan shug‘ullanganman. Faqat paxta.

Endi hokimlar ijtimoiy soha bilan, aholining turmush darajasini yaxshilash bilan shug‘ullanadi», deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida prezident Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida paxtachilikda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini tanqid qilgan 2019 yilda viloyatda paxta yetishtirishni 52 foiz maydonda klaster usuliga o‘tkazish, tayyor mahsulotlar eksportini ikki barobar oshirish vazifasini qo‘ygandi.

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlarida esa paxta yetishtirish tugatilishi, bu tumanlarda qo‘shma korxonalar barpo etilishi ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: