O‘zbekistonda Urbanizatsiya agentligi tashkil etiladi

O‘zbekiston 21:58 / 11.01.2019 12948

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Urbanizatsiya agentligi tashkil etiladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ko‘rsatib o‘tilgan.

Farmonga muvofiq, agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

·        urbanizatsiyani tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

·        sanoatlashtirish siyosatining sur'atlari, bosqichlari va natijalarini uzoq muddatli rejalashtirish, shahar va qishloqlardagi uzoq muddatli demografik tendensiyalarni tahlil qilish, jadal sanoatlashtirish sharoitida shaharlarning demografik sig‘imlari hamda ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojlarini hisoblash;

·        “o‘sish polyuslari”ni aniqlash, boshqaruv markazlari joylarini tanlash, ta'lim, mehnat bozorini shakllantirish, ichki va tashqi migratsiya sohalaridagi siyosatni kelishish;

·        qishloq aholisini yangi sanoat ixtisosliklariga o‘qitish va qayta tayyorlashga qaratilgan qator institutsional va tashkiliy chora-tadbirlarni belgilashni nazarda tutuvchi, ishchi kuchining qishloqlardan shaharlarga harakatlanishini rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish;

·        ilg‘or, energiya tejovchi, ekologik toza texnologiyalar va materiallarni joriy etish asosida hamda ijtimoiy, muhandislik-kommunal va yo‘l-transport infratuzilmalarini qamrab olgan yo‘ldosh-shaharlar bunyod etilishini hisobga olgan holda shahar aglomeratsiyalarini shakllantirishni boshqarish;

·        jahon amaliyotini hisobga olgan holda shahar aholisini joylashtirish tizimini kompleks rivojlantirishni tartibga solish, kichik, o‘rta, katta va yirik shaharlarning samarali nisbatini shakllantirish;

Shuningdek, farmonda ko‘rsatilishicha, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

·        yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushadigan barcha mablag‘larni jamlash;

·        Konsepsiya doirasida barpo etiladigan yangi shaharlar va yo‘ldosh-shaharlarning bosh rejalari loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish, shuningdek ular uchun zarur bo‘lgan muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma obektlari qurilishini moliyalashtirish;

·        keyinchalik tushgan mablag‘larni jamlagan holda zarur infratuzilmalarga ega yer uchastkalarini auksion savdolari orqali sotish;

·        ipotekani kreditlashning yangi shakllarini ishlab chiqish va joriy etish, o‘rta va uzoq muddatli ipoteka obligatsiyalarini chiqarish hamda ularni institutsional investorlar orasida joylashtirish orqali ipoteka bozorini rivojlantirish, shuningdek milliy ipoteka bozorini rivojlantirish maqsadida xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda 2019 yil 1 aprelga qadar tadbirkorlik, iste'mol, ipoteka va boshqa kreditlar yuzasidan bankka murojaat qilish joyi bo‘yicha ro‘yxatda turish majburiyligi haqidagi talabni bekor qiladigan kreditlashning yangi tartibini ishlab chiqadi va joriy etadi.

Ko‘proq yangiliklar: