O‘zbekistonda Hindiston bilan hamkorlikda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki tashkil etiladi

O‘zbekiston 20:14 / 11.01.2019 2525

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi karori qabul qilindi. 

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan Hindiston Elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi qoshidagi Dasturiy texnologiyalar parklari jamiyati o‘rtasida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Qarorga muvofiq, quyidagilar Texnoparkning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilandi:
axborot texnologiyalari sohasida raqobatbardosh mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirish;

Texnopark rezidentlarini o‘z faoliyatini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan yuqori texnologik infratuzilma va zamonaviy laboratoriyalar bilan ta'minlash, ularga moliyaviy, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlari, shuningdek, biznes-akselerator xizmatlari ko‘rsatish;

axborot texnologiyalari sohasida yangidan ish boshlagan va kichik korxonalarga startap-loyihalarni amalga oshirishda, innovatsiya faoliyati natijalarini tijoratlashtirishda, shu jumladan, venchur moliyalashtirish asosida ko‘maklashish;

rezidentlarga loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilishda, shu jumladan, zamonaviy texnologiyalar va dasturiy mahsulotlar transferini amalga oshirish orqali ko‘maklashish; 

yuqori texnologiyali mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqarish tarmog‘ini amalga oshirish uchun ilmiy, ta'lim va ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyatini integratsiyalashga ko‘maklashish;

axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar sinfini yaratish maqsadida yosh mutaxassislarni o‘qitishni tashkil etish;

yetakchi kompaniyalar va mutaxassislar ishtirokida axborot texnologiyalari sohasida mahorat darslari, treninglar va malaka oshirish kurslari, shuningdek, ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar o‘tkazish.
Texnoparkning faoliyatini boshqarish Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi muassisligida mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladigan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.
Texnopark Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Tepamasjid ko‘chasi, 4-uyda bepul foydalanish huquqi bilan joylashtiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: