Iqtisodiy rivojlanish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Prezidentining farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan shunday tartib o‘rnatildiki, unga ko‘ra:
· barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shu jumladan davlat rivojlanish dasturlari va investitsiya dasturlarini yakuniy bosqichda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishish Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun kiritishdan oldin amalga oshiriladi;
· Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi, kichik sanoat zonalari direksiyalari Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga rivojlanish davlat dasturlari va investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarning, shuningdek kichik sanoat zonalari hududida amalga oshirilayotgan loyihalarning bajarilishi yuzasidan har chorakda ma'lumot taqdim etib boradilar;
· investitsiya siyosati strategiyasi ijrosi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan davlat rivojlanish dasturlari va investitsiya dasturlarini tayyorlash va ijrosini ta'minlash orqali amalga oshiriladi;
· Iqtisodiyot va sanoat vazirligi o‘z vakolati doirasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qilish yoki qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taqdimnoma kiritish huquqiga ega;
· kichik sanoat zonalari hududida qiymati 7 mln. AQSh dollari ekvivalenti hisobidan yuqori bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ma'muriy kengashlar qarorlari Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilishi lozim.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining quyidagi takliflariga rozilik berildi:
· a) kichik sanoat zonalari ishtirokchilari uchun imtiyoz va preferensiyalarni ularni amaldagi ishtirokchilar uchun 2020 yil 1 yanvargacha saqlab qolgan holda bekor qilish;
· b) kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga quyidagi huquqlarni berish:
- o‘z mablag‘lari hisobiga qurilgan bino va inshootlarga (yoki ularning qismlariga) mulk huquqini o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirish;
- investitsiya va boshqa ijtimoiy majburiyatlarni to‘liq bajargan takdirda, biroq kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan davridan boshlab kamida 5 yil muddat o‘tgandan keyin, o‘zlariga berilgan binolar va inshootlarni (yoki ularning qismlarini) xususiylashtirish;
- rekonstruksiya qilish yoki kapital ta'mirlashni o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirgan taqdirda, biroq kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan davridan boshlab kamida 3 yil muddat o‘tgandan keyin, binolar va inshootlarni (yoki ularning qismlarini) xususiylashtirish.
Hujjat bilan bino va inshootlarni (yoki ularning qismlarini) rekonstruksiya qilish yoki kapital ta'mirlash uchun kichik sanoat zonasi ishtirokchisi tomonidan ajratilgan mablag‘lar ularni xususiylashtirishda hisobga olinishi tartibi o‘rnatildi.