Adliya axboroti: «So‘rov bo‘yicha huquqiy targ‘ibot» loyihasi amalga oshiriladi

Jamiyat 20:30 / 11.01.2019 1931

Qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish va uning jamiyat hayotidagi ahamiyatini tushuntirish, bu orqali esa fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirishni ko‘zlab, shuningdek qonun hujjatlarini omma e'tiboriga sodda va xalqchil taqdim etish maqsadida 2019 yil 11 yanvar kuni navbatdagi «Adliya axboroti» brifingi va matbuot anjumani tashkil etildi.

Brifingda 10dan oshiq qonun hujjatlari haqida ma'lumot berildi. Jumladan, qatnashchilarga prezident tomonidan imzolangan «Sudlarda davlat bojini undirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun mohiyati aytib o‘tildi. Kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish bo‘yicha imtiyozlarning bir qanchasi bekor qilingani, ma'muriy sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladigan toifalar tasdiqlangani haqida ma'lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta'minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun bilan endilikda ishga qabul qilishda propiska talab qilinmaydi. Prezident tomonidan imzolangan mazkur qonunga ko‘ra, bu borada Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Mehnat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgani ta'kidlandi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdan vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchini ma'muriy javobgarlikka tortishga asos bo‘luvchi 223-2-modda chiqarib tashlandi.

Qabul qilingan qonun hujjatlardan yana biri mamlakatning turizm salohiyatini takomillashtirishga qaratilgan (O‘zbekistonda turizmni tezkor rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident Farmoni) bo‘lib, mazkur farmonga muvofiq 2019 yilning 1 fevralidan 45ta davlat fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilinishi yuzasidan axborot taqdim etildi.

Brifing davomida hafta davomida qabul qilingan «Ixtisoslashtirilgan san'at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi Hukumat qarori kabi qator qonun hujjatlari haqida ham ma'lumotlar berib o‘tildi.

Brifingdan so‘ng tashkil etilgani matbuot anjumanida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va qabul qilingan «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident Farmonining mazmun-mohiyati va uning doirasida amalga oshiriladigan ishlar haqida ma'lumot berildi. Jumladan, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish «shaxs – oila ‒ mahalla ‒ ta'lim muassasasi ‒ tashkilot ‒ jamiyat» prinsipi bo‘yicha tizimli va uzviy tashkil etilayotgani qayd etildi.

Shu kabi maqsadlarni ko‘zlab, Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 1 yanvargacha qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi hamda qo‘shimcha huquqiy ma'lumotlar yetkazish tizimini o‘z ichiga oladigan O‘zbekiston Respublikasining milliy huquqiy internet portali, 2019 yil 1 iyulgacha esa aholiga bepul maslahat berish portalini o‘z ichiga olgan Advice.uz huquqiy axborot tizimi yaratilishi to‘g‘risida tadbir qatnashchilariga ma'lumot berildi.

Shuningdek, farmon bilan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi va uning doirasida bolalar uchun maxsus huquqiy portal yaratilishi belgilangani ta'kidlandi.

Portal quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

Konstitutsiyani o‘rgatishga doir ilk tushunchalar;

kundalik hayotda qo‘llashga mo‘ljallangan boshlang‘ich huquqiy bilimlar;

huquqiy o‘yinlar, mashg‘ulotlar va dasturlar bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar.

Oilada huquqiy savodxonlikni oshiradigan, har bir elementar huquqiy bilimlarni o‘rgatishga qaratilgan va kundalik hayotdagi muhim masalalar yuzasidan huquqiy qo‘llanma bepul tarqatiladi. Bundan tashqari, mahallalarda «Huquqiy axborot kuni» tashkil etiladi.

«O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganish» va «Inson huquqlarini o‘rganish» maxsus o‘quv kurslarini barcha ta'lim turlari bo‘yicha o‘rgatish joriy etiladi.

Yoshlar orasida Street law (Ko‘cha huquqi) loyihasini joriy qilish uchun huquqshunos talabalar, yuridik kollejlar o‘quvchilari, nodavlat tashkilotlar vakillaridan iborat ko‘ngillilar guruhi shakllantiriladi.

Yoshdan kelib chiqib huquqiy savodxonlikning minimal talablari tasdiqlanadi.

Aholini qiziqtirgan huquqiy mavzular yuzasidan «So‘rov bo‘yicha huquqiy targ‘ibot» loyihasi amalga oshiriladi.

Matbuot anjumanida, shuningdek, hafta mobaynida qabul qilingan muhim hujjatlardan yana biri – Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori haqida ham to‘xtalindi. Anjumanga taklif etilgan soha mutaxassislari ushbu qaror bilan Odil sudlov muammolarini o‘rganish tadqiqot instituti negizida Sudyalar oliy maktabi tashkil etilgani, 2020 yil 1 sentyabrdan sudyalik lavozimlariga faqat Sudyalar oliy maktabida tashkil etilgan kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar tayinlanishini aytishdi.

Matbuot anjumani jurnalistlar, turli soha vakillari va tadbir ishtirokchilarining savol-javoblari bilan davom ettirildi.

Ko‘proq yangiliklar: