«Odilboy» garov puli evaziga ozodlikka chiqdi

O‘zbekiston 16:50 / 09.01.2019 184818

Zeromax kompaniyasining sobiq ijrochi direktori Mirodil Jalolov 8 yanvar kuni DXX tergov izolyatoridan ozod qilindi va uyiga qaytdi. Uning turmush o‘rtog‘i Fotima Jalolovaning ma'lum qilishicha, Jalolovga nisbatan qo‘llangan ehtiyot chorasi o‘zgartirilgan.

U jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida garov evaziga qo‘yib yuborilgan. Shu bilan birgalikda, Jinoyat kodeksining 167-moddasi («o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish») va boshqa moddalari bo‘yicha ayblov e'lon qilingan Mirodil Jalolovga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etadi.

«Gazeta.uz» nashri huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbasiga asoslanib xabar qilishicha, sud Mirodil Jalolovni JKning 167-modda 3 qism «a» bandi («ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish»), 228-modda 2-qism «a» va «b» bandlari («Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib») hamda 228-modda 3-qismi («hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish») bo‘yicha aybdor deb topgan.

Sud qarori bilan sudlanuvchiga 17 687 040 so‘m (2 ming dollardan ortiqroq) miqdorida jarima jazosi qo‘llangan.

Ma'lumot uchun, Shveytsariyada ro‘yxatga olingan Zeromax GmbH kompaniyasi 2005 yilda O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlagan edi. Mazkur kompaniya O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, qurilish, to‘qimachilik va paxta sanoati, transport, shuningdek, neft, gaz va oltin qazib chiqarish bilan shug‘ullangan, O‘zbekiston iqtisodiyotining keng jabhalari, jumladan oziq-ovqat, energetika va sport sohalarida ham faoliyat yuritgandi.

2010 yilning may oyida O‘zbekistonda Zeromax kompaniyasi faoliyati to‘xtatilgan, mol-mulki davlat foydasiga musodara qilingan, hisob raqamlari muzlatilgandi. Xalq orasida «Odilboy» nomi bilan mashhur bo‘lgan Mirodil Jalolov esa o‘sha yilning sentabr oyida qamoqqa olingandi.

Uning ishi 2017 yilning 4 yanvarida ham ko‘rib chiqilgan, o‘shanda ham Mirodil Jalolov sud zalidan ozod qilingan, o‘shanda sud qarorida unga «yetkazilgan zararni qoplash uchun vaqt berilgani» qayd etilgandi.

Lekin 2017 yilning martida u yana qamoqqa olingan va shu paytgacha DXX tergov izolyatorida saqlanayotgandi. Bu «davlatga yetkazilgan o‘nlab million dollar zarar qoplanmagani» bilan izohlangandi.

O‘z davrida Zeromax neft va gaz shirkati tarkibidagi UzGazOil yoqilg‘i quyish shoxobchalari bilan respublikada monopoliya o‘rnatgandi.

2008 yilda e'lon qilingan rasmiy raqamlarga ko‘ra, shirkat aktivlari o‘shanda 3.298 milliard Shveytsariya frankini (4,5 milliard AQSh dollari atrofida) tashkil qilgan. Kompaniya faoliyati to‘xtatilib, «Odilboy» hibsga olingach, Zeromax aktivlari va AYoQShlari UzGazOil milliy xoldingi tasarrufiga o‘tkazilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: