«Mening ishimni qaysi sud ko‘radi o‘zi?». Fuqaro sudma-sud sarson

Jamiyat 11:00 / 09.01.2019 55557

Fuqarolik jamiyatining asosiy mezonlaridan biri, sudlar adolatni ta'minlashidir. Huquqingiz buzildimi? Marhamat, sudga murojaat qiling. Qo‘rqmasdan, ko‘nglingizda zarracha shubhasiz. Fuqarolarning ishonchi qachon shu nuqtaga yetganda bilingki, qonun ustuvorligi har jabhada o‘z so‘zini baralla aytmoqda.

Tahririyatimizga kelgan navbatdagi murojaat mazmunini tinglab yoqamizni ushladik. Bir fuqaro o‘z da'vosi bilan sudga murojaat etgan. Ammo, sudlarning ham turi ko‘pda, ya'ni fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy, harbiy va ma'muriy sudlar. Bu fuqaroning ishi endi qay biriga to‘g‘ri kelsa? Shu masala muammoga aylangan. Aytaylik, bir fuqaro boshqa fuqaroni haqorat qilsa, avval bu ish ma'muriy sud tomonidan, so‘ngra belgilangan muddat ichida takroran bu qilmish sodir etilsa, jinoiy harakat sanalib jinoyat sudida ko‘rib chiqiladi.

Ishning mazmuni

Murojaatchi 2014 yilning oktyabriga qadar Ichki ishlar Qorovul qo‘shinlari Bosh boshqarmasiga qarashli harbiy qismda kontrakt asosida ishlab kelgan. O‘sha yilning 25 avgust kuni xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.

Murojaatchi ishni ko‘rib chiqishdagi muddatlar masalasida shikoyat qilgan.

Unga ko‘ra,

1) xizmat tekshiruvidan 15 kun o‘tib tekshiruv xulosasi tuzilgan;

2) 37-kun xodimning mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Bu bilan Mehnat Kodeksining 101-moddasi, 4-qismi qoidalari buzilgan, ya'ni belgilangan muddatlar o‘tib ketgan, deya arz qilgan.

Mehnat kodeksining 182-moddasiga ko‘ra, intizomiy jazoga tortish uchun xatti-harakat aniqlangandan keyin bir oy ichida qo‘llanilishi lozim, deb belgilangan. Murojaatchi ushbu vajlar bilan sudga arz qilib o‘z huquqlarini tiklamoqchi bo‘lgan. Ammo, buyog‘i u o‘ylaganchalik oson bo‘lsa qaniydi...

Sudlar ostonasidagi mavhumlik

Harbiy sud

Avvaliga harbiy qismda ishlab bo‘shatilgani sababli harbiy sudga murojaat qiladi. Toshkent harbiy sud raisi o‘zining javob xatida harbiy sudlar qanday ishlarni ko‘rishi haqida tushuntirish berib o‘tadi. Ya'ni, «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunning 41-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, Milliy xavfsizlik xizmatining, Favqulodda vaziyatlar vazirligining, Ichki ishlar vazirligi qo‘shinlarining va qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etiladigan boshqa harbiy tuzilmalarning harbiy xizmatchilari, shuningdek, o‘quv yig‘inlarida bo‘lgan vaqtda harbiy xizmatga majburlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlarni;

harbiy qismlar, qo‘shilmalar va birlashmalar, harbiy boshqaruv organlarining qo‘mondonligiga nisbatan harbiy xizmatchilarning da'volari bo‘yicha fuqarolik ishlarini va harbiy boshqaruv organlari hamda harbiy mansabdor shaxslarning harbiy xizmatchilarning huquq va erkinliklarini buzuvchi xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyatlarni;

alohida holatlarga ko‘ra, sudlar faoliyat ko‘rsatmayotgan joylarda barcha fuqarolik va jinoyat ishlarini;

davlat sirlariga taalluqli ishlarni;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ishlarni ko‘radi.

Shuningdek, «Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida» NIZOMning 4-qismi b-bandiga ko‘ra, harbiy qismlar, qo‘shilmalar va birlashmalar, harbiy boshqaruv organlarining qo‘mondonligiga nisbatan harbiy xizmatchilarning da'volari bo‘yicha fuqarolik ishlarini va harbiy boshqaruv organlari hamda harbiy mansabdor shaxslarning harbiy xizmatchilarning huquq va erkinliklarini buzuvchi xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyatlarni umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan ko‘rilishi belgilangan. Umumiy yurisdiksiya - jinoiy, fuqarolik yoki ma'muriy sudlar.

Ushbu qonun normalari asos sifatida ko‘rsatilib, umumiy yurisdiksiya sudlaridan ma'muriy sudga murojaat qilish tavsiya qilinadi.

Ma'muriy sud

Shikoyatchi ma'muriy sud bo‘lsa ma'muriy sudda deb oldinga intilishda davom etadi. 2018 yil 30 noyabr sanasida ma'muriy sudning ham ajrimini oladi. Bu safargi ajrim ham mazmunan oldingilardan hech farq qilmasdi. Unga ko‘ra, Fuqarolik protsessual-kodeksining 26-moddasi 1-qismiga ko‘ra, fuqarolik, oila, mehnat, uy-joy, yer to‘g‘risidagi va boshqa munosabatlardan yuzaga keladigan munosabatlar fuqarolik ishlarida ko‘rib chiqiladi, deb belgilangan. Shu qonun normasi asosida ish bo‘yicha yana fuqarolik sudiga da'vo kiritish tavsiya qilinadi va rad etiladi.

Fuqarolik sudi

Shundan so‘ng, shikoyatchi o‘z da'vo dasturlarini ko‘tarib fuqarolik sudi tomon yo‘l oladi. Xalq fuqarolik sudini ishdan haydalgan xodimni ishga tiklash, buzilgan huquqlarni tiklab adolat o‘rnatuvchi dargoh deb biladi. Shu sababli, umid bilan fuqarolik sudiga borganda fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumanlararo sudi tomonidan «Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan shikoyat qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 1-moddasi keltirilgan. Ya'ni, har bir fuqaro davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari bilan o‘z huquq va erkinliklari buzilgan deb hisoblasa, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqib ma'muriy sudga taalluqli deb hisoblagan.

Jamiyatda qonunlarga rioya etish mexanizmi qachon o‘z-o‘zidan ishlaydi? Qachonki, sudlar faoliyati tartibga solinsa. Prezident Mirziyoyevning 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida sudlar faoliyati haqida quyidagicha fikr bildirgan edi: «Sudlar hali-hamon adolat qaror topadigan maskanga aylanmadi. Xalq sudlardan norozi. Hammasi eski tos, eski hammom. Bu sohadagi islohotlarni qat'iy va izchil davom ettiramiz. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga xalqning o‘zi baho beradi. Ularga bo‘ladigan qat'iy talab xalqning huquq va manfaatlarini himoya qilishdir».

Agar protsessual qonunchilikdagi bu turdagi tushunmovchiliklarga aniq yechim berilsa, fuqarolarimiz tomonidan sudlarga ishonch yanada oshgan bo‘larmidi?..

Bahodir Ahmedov

Ko‘proq yangiliklar: