2019 yilda iqtisodiy ko‘rsatkichlarning yomonlashuvi ortishi fonida jahon iqtisodiyoti o‘sish sur'atlari sekinlashadi va 2,9 foizni tashkil etadi. Bu haqda seshanba kuni Jahon banki xabar berdi.
Xalqaro savdo va qayta ishlash sanoatida faollikning pasayishi qayd etildi, savdo munosabatlarida tanglik saqlanib qolmoqda, bozor iqtisodiyoti shakllanayotgan ayrim yirik mamlakatlar moliyaviy bozorlar tomonidan jiddiy bosimni his qildi.
«2018 yil boshida jahon iqtisodiyoti tez sur'atda o‘sdi, biroq yil davomida u sekinlashdi va kelgusi yilda vaziyat yanada murakkablashishi mumkin», - deya ma'lum qildi Jahon bankining bosh ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva.
Tashqi talab pasayishi, qarz olish qiymatining ko‘tarilishi va siyosiy noaniqlikning saqlab qolinishi bozor iqtisodiyoti shakllanayotgan hamda rivojlanayotgan mamlakatlar uchun prognozlarga salbiy ta'sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
2019 yilda ushbu guruhda iqtisodiyotning o‘sish sur'atlari barqaror bo‘lib qoladi - kutilganidan biroz kamroq, 4,2% darajada.
Yevropa va Markaziy Osiyo
Kutilishicha, bu yil mintaqada iqtisodiyotining o‘sish sur'atiga Turkiyadagi moliyaviy beqarorlik saqlab qolinishi oqibatlari salbiy ta'sir ko‘rsatadi: 2019 yilda u 2,3 foizga sekinlashadi.
Turkiyada iqtisodiy faollik zaif bo‘ladi, yuqori inflatsiya, yuqori foiz stavkalari va iste'mol hamda investitsiyaga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan past darajadagi ishonchlilik tufayli iqtisodiy o‘sish 1,6%ga pasayadi.
Prognozlarga ko‘ra, mintaqaning g‘arbiy qismida iqtisodiy o‘sish sur'ati sekinlashadi. Yevro hududida iqtisodiy o‘sish pasayishi fonida Polsha iqtisodiyoti o‘sishi 4 foizga sekinlashishi kutilmoqda.
Mintaqa sharqiy qismida ham iqtisodiy o‘sish pasayishi kutilmoqda. Bunda yirik davlatlar, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston va Ukraina iqtisodiyotida o‘sishning pasayishi kuzatiladi.
O‘zbekiston
Jahon bankining O‘zbekiston bo‘yicha prognozi iyun oyidagi avvalgi hisobotga qaraganda o‘zgarishsiz qoldi - O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur'ati 5,1% (2019 yilda), 5,5% (2020) va 6%ga (2021) yetadi.
Bu Yevropa va Markaziy Osiyodagi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri. Qozog‘iston iqtisodiyotining o‘sish sur'ati, masalan, 2019 yilda 3,5% dan 2021 yilga kelib 3,2% gacha pasayadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki neft narxi pasayishini taxmin qilgandi.