Moliya vazirligi G‘aznachiligida budjet va soliq kodekslariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Moliya vazirligi G‘aznachiligi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Toshkent shahri bo‘yicha Soliq, Moliya va G‘aznachilik boshqarmalari mas'ul xodimlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi budjet va soliq kodekslariga O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 24 dekabrdagi O‘ZQ-508-sonli «Soliq va budjet siyosatining 2019 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar muhokama qilindi.
Soliq kodeksining 56-57-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlar natijasida soliqning ortiqcha to‘langan summalarini hisobga olish yoki qaytarish endilikda tegishli moliya organlarning o‘rniga Moliya vazirligi G‘aznachiligi orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi. Bu ortiqcha va noto‘g‘ri to‘langan soliq hamda boshqa majburiy to‘lovlarni tezkorlik bilan qaytarilishini ta'minlaydi.