2019 yilning dastlabki kunlari metan bahosi oshishi bilan bog‘liq muhokamalar bilan boshlandi. Bu boradagi bahs-u munozaralar, tushuntirishlar shu qadar ko‘p bo‘lganidan bilish mumkinki, avtomobillar harakatlanishi uchun zarur yoqilg‘i masalasi nihoyatda muhim va ko‘pchilikni tashvishlantiradi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda metan narxi oshishi bu qadar ko‘p gapirilishiga obektiv sabablar bor albatta. Chunki, aslida biz uchun yangilik bo‘lgan bu yoqilg‘i hozirgi kunda o‘rta sinfga mansub, avtomobildan kundalik ehtiyoji va daromad maqsadida muntazam foydalanadigan, umrining ko‘p qismi mashina boshqaruvida o‘tadigan haydovchilarning doimiy xarid mahsulotiga aylangan. Qimmatbaho avtomobilga ega yoki oz miqdorda benzin sarflaydigan, qisqa masofalar bilan kifoyalanadiganlar uchun yoqilg‘i haqidagi bahslar u qadar qiziq emas.
Yurtimizda metan ommalashuvi taxminan 12-15 yil nariga borib taqaladi. O‘shanda bu turdagi yoqilg‘i quyiladigan AYoQShlar yengil avtomobillar uchun endi-endi xizmat ko‘rsata boshlagan, ko‘pchilik tadbirkorlar biznesning yangi turidagi yuqori daromadni anglab yetmagani kabi, haydovchilar ham uskunalar o‘rnatishdagi katta xarajatlar va AYoQShlar kamligi bois bu yoqilg‘ini yaxshi qabul qilishmagandi.
Ammo keyinchalik bozor iqtisodiyoti o‘z ishini qildi – benzin narxi muntazam oshib borishi ortidan arzonligi uchun metanga talab ko‘payaverdi. Avtomobillarga bunday uskunalar o‘rnatish deyarli industriyaga aylandi, o‘zini kuchli deb bilgan tadbirkor borki «metan zapravka» ochdi, ayrim ishbilarmonlar bir nechtasini ham boshqara boshladi.
Bugungi kunga kelib bemalol aytish mumkinki, umumiy bosib o‘tilayotgan yo‘l masofasi bo‘yicha metan yoqilg‘isi benzinni ortda qoldirmoqda. Viloyatlararo yo‘llardagi «metan zapravka» soni «benzokolonka»lardan ko‘payib ketgan.
Xo‘sh, bizda shunchalik ommalashgan metan yana qaysi davlatlarda yetakchilik qiladi? Umuman, dunyo bo‘ylab avtomobillarga yoqilg‘i quyishda gaz va benzinning mutanosibligi qanaqa?
Albatta, dunyo bo‘ylab umumiy yoqilg‘ilar orasida shubhasiz benzin yetakchilik qiladi. Undan keyingi o‘rinda turuvchi dizel yoqilg‘isida ham yuruvchilar ko‘p. Ammo yildan yilga gaz orqali va elektromobillar yordamida yuruvchi mashinalar soni ko‘payib bormoqda, bu esa neft mahsulotlarida harakatlanuvchilar ulushini kamaytirmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab jami avtomobillarning 12-15 foizi gaz mahsulotlarida harakatlanadi. Juda oz ekan-ku, deyishingiz mumkin. Lekin bu shiddat bilan oshib borayotgan raqamlardir. Masalan, arzimas 10 yil muqaddam ular soni 5 foizdan oshmasdi.
Bu borada AQSh yetakchi hisoblanadi. Turli hisob-kitoblarga qaraganda, bu davlatda gazdan foydalanish ulushi 40-45 foizga yetgan. Ayniqsa, uzoq masofalarga qatnovchilar, yuk tashuvchilar orasida gaz yoqilg‘isi juda ommabop. Shuningdek, davlat tasarrufidagi avtomobillarni «gaz»ga o‘tkazish bo‘yicha maxsus dasturlar bor. Masalan, Yuta shtatidagi barcha politsiya avtomobillari gaz yordamida harakatlanadi va bu tajribani boshqa shtatlarda ham qo‘llashga kirishilgan.
Uzoq va issiq Argentinada 35 foizdan ortiq avtomobillar gaz yordamida harakatlanadi. Lekin ularning bosib o‘tgan masofalari juda ko‘p, chunki aynan uzoqqa qatnovchi avtomobillar, yuk tashuvchilar va biznesga xizmat qiluvchi mashinalarning deyarli hammasi gazga o‘tkazilgan yoki ishlab chiqarilish jarayonidayoq gaz uskunasi bilan jihozlangan.
Italiya va Polsha bu borada Yevropa davlatlari orasida yetakchilik qiladi. Mazkur davlatlarda gaz quyish shoxobchalari tarmog‘i juda yaxshi rivojlangan va haydovchilar bu turdagi yoqilg‘ining iqtisodiy samarasini yaxshi anglab yetishgan.
Turkiyada gazli avtomobillar ommalashayotganining o‘ziga xos sabablari bor. Bu davlatda turli xil aksizlar tufayli benzin bahosi ancha qimmat va ko‘pchilik haydovchilarni tejamkorlikka majbur qiladi. Davlat tomonidan gaz uskunalari o‘rnatish har taraflama qo‘llab-quvvatlanadi, subsidiyalar beriladi.
Gazga bo‘lgan talab Xitoyda ham oshib bormoqda. Ammo bu yerda asosiy sabab iqtisodga bog‘lanmagan. Neft mahsulotlarida harakatlanuvchi avtomobillar soni haddan ortiq ko‘pligi sababli Xitoyda ekologiya ayanchli ahvolga kelib qolgan, yirik shaharlarda havo tuman qoplangandek tusga kirishi oddiy holga aylangan. Bunga qarshi kurashish maqsadida Xitoy hukumati ekologiyaga zarari ancha kam bo‘lgan gaz uskunali avtomobillar sonini ko‘paytirishga kirishgan.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston va Turkmanistonda benzin mutlaq gegemon. Qirg‘izistonda metan va propan yoqilg‘isidan oz miqdorda foydalaniladi, Tojikistondagi ko‘p harakatlanuvchi avtomobillar (masalan kirakashlar) asosan propandan foydalanishadi.
Shuningdek, dunyo bo‘ylab oktan, butan kabi yoqilg‘ilar, vodorod gazi yordamida harakatlanuvchi avtomobillar ham bor. Ammo ularning soni nihoyatda kam va tajriba maqomidan o‘tmagan.
Abror Zohidov