2019 yilda kiyim-kechak, uy uchun tovarlar va texnika importi qimmatligicha qoladi

Iqtisodiyot 09:36 / 08.01.2019 13480

29.06.2018 yildagi PQ–3818-son qarorga ko‘ra 2019 yilga rejalashtirilgani bilan solishtirganda 452 turdagi tovarlar bo‘yicha import bojxona bojlari o‘zgardi. 65 ta pozitsiya bo‘yicha aksiz solig‘i joriy etildi. Norma yangi stavkalar bojxonada rasmiylashtirishga qanday ta'sir ko‘rsatishini ko‘rib chiqdi.

Import bojxona bojlari

Import bojlari 29.06.2018 yildagi PQ–3818-son qarorda rejalashtirilganiga nisbatan oshdi. 5–30%ga o‘sish 443 turdagi tovarlarga daxl qildi.

Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari orasida quyultirilgan sut va slivka, qovurilmagan qahva va palma yog‘i uchun 5% miqdoridagi eng kam stavka joriy etildi. Deyarli barcha kiyim-kechakka solinadigan boj 2 baravar (10%dan 20%gacha) oshirildi. Bunda eng kam miqdor – 1 donasi uchun 0,2 AQSh dollaridan 4 AQSh dollarigacha joriy etildi, foizda hisoblangan bojlarning miqdorlari undan kam bo‘lishi mumkin emas. Xuddi shu tarzda poyabzal bo‘yicha stavkalar ikki baravar (5%dan 10%gacha) oshirildi. Bunda ham eng kam miqdor – 1 donasi uchun 1,5 dollar joriy etildi. Tuxum va saqichdan 30% (eng yuqori stavka) to‘lashga to‘g‘ri keladi. Idish-tovoq, mebel, ofis uchun tovarlar, maishiy va klimat texnikasi, avtomobil ehtiyot qismlari va h.k. bo‘yicha ham salmoqli o‘sish nazarda tutilgan. 

Atigi 8 turdagi tovarlar bo‘yicha import boji kamaytirildi. Ular orasida – yangi va foydalanishda bo‘lgan traktorlar – shu jumladan 5–7 yillik egarli shatakchilar, ipak chiqindilardan yigirilgan ip, suzg‘ichli matolar, filtrlovchi matolar va b.  

Non va qandolat mahsulotlari bo‘yicha esa bojning eng kam miqdori – 1 kilogramm mahsulot uchun kamida 0,30 AQSh dollari (stavka – 15%) belgilangan.

Import chog‘ida aksiz solig‘i

2017 yil versiyasidagi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasida (TIF TN) tovarlarning turlari guruhlar, pozitsiyalar, yordamchi pozitsiyalar va kichik yordamchi pozitsiyalarga bo‘lingan. Aktsiz solig‘i solinadigan import tovarlarining yangi turlari TIF TN kichik yordamchi pozitsiyalari darajasida belgilandi. Bu aniq tovarlarga soliq joriy etilishini anglatadi.  
 
Qandolat mahsulotlari va pishiriqlarning 9 ta kichik yordamchi pozitsiyalariga (TIF TN kodlari: 1704 90 650 0, 1704 90 710 0, 1704 90 750 0, 1806 32 100 0, 1806 32 900 0, 1806 90 190 0, 1806 90 500 9, 1905 31 190 0, 1905 32 190 0) import aksiz solig‘i solinadigan bo‘ldi. Quruq pechene (2 ta kichik yordamchi pozitsiya) bo‘yicha stavka – tovar bojxona qiymatining 20%i, qolgan tovarlar bo‘yicha esa – 10%i.

Aktsiz solig‘i qurilish va ta'mirlash uchun plastmassa buyumlarning 4 ta kichik yordamchi pozitsiyasini (TIF TN kodlari: 3916 20 000 0, 3919 10 800 0, 3919 90 000 0, 3925 90 800 0) ham qamrab oldi. Soliq stavkasi 10–20%ni tashkil etadi.

Metallardan yasalgan buyumlar (TIF TN kodlari: 73–83), mashinalar, asbob-uskunalar va apparatura (TIF TN kodlari: 84, 85), shuningdek turli sanoat tovarlari (TIF TN kodi: 94) guruhlarida ko‘pgina maishiy tovarlarga aksiz joriy etilgan. Ular orasida – gaz va elektr plitalari va duxovkalari, isitish qozonlari va radiatorlar, elektr suv isitgichlar, kir yuvish mashinalari, changyutgichlar, dazmollar, monitorlar va proyektorlar, suyuq kristallik ekranli televizorlar, shuningdek qandillar va lampalar. Bu yerda aksiz solig‘i 10–20%ni tashkil etadi.   

Traktorlar – ishlab chiqarilgan paytidan boshlab 3 yildan 7 yilgacha o‘tgan egarli shatakchilarga (TIF TN kodlari: 8701 20 901 5, 8701 20 901 7) aksiz solig‘i solinadigan bo‘lsa ham, ularni bojxonada rasmiylashtirish arzonga tushadi. Yuqorida aytilganidek, ular bo‘yicha rejalashtirilgan import boji stavkasi kamaytirildi. U 70% + dvigatel hajmining 1 kub sm uchun 3 AQSh dollarini tashkil etardi. Endi 3–5 yillik shatakchilardan 10% import boji va 5% aksiz solig‘i to‘lash zarur. 5–7 yillik shatakchi chiqarilganda – 30% import boji va 10% aksiz solig‘i.

Hujjat 28.12.2018 yildan kuchga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda «yashirin iqtisodiyot»ni qanday qilib kamaytirish rejalashtirilgani ma'lum bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: