O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzi monitoringini yuritish, unga xizmat ko‘rsatish, hisob va hisobotlarni avtomatlashtirish maqsadida Moliya vazirligida «DMFAS-6» dasturiy majmuasi o‘rnatildi.
Osiyo taraqqiyot bankining beg‘araz texnik ko‘magi - «Investitsion loyihalarni va tashqi qarzni boshqarish tizimini takomillashtirish orqali davlat organlarini salohiyatini oshirish» loyihasi doirasida Moliya vazirligi OTB va BMT Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (YuNKTAD) bilan hamkorlikda «Qarzni boshqarish va moliyaviy holat tahlili tizimini joriy etish» komponenti amalga oshirildi.
2018 yilning 10-21 dekabr kunlari Moliya vazirligida YuNKTAD missiyalari tashkil etildi.
«DMFAS-6» DMni o‘rnatish va texnik xizmat ko‘rsatish missiyasi» «DMFAS-6» DMni o‘rnatish va texnik kuzatuvni o‘rgatishni o‘z ichiga olgan bo‘lib, 2018 yil 10-19 dekabr kunlari YuNKTAD’ning tizim-dasturchisi Jon Barrozo tomonidan o‘tkazildi.
«DMFAS-6» DMdan foydalanish bo‘yicha boshlang‘ich vazifaviy tayyorgarlik» missiyasi dasturiy majmua bilan tanishish, o‘rganish, tekshirish va dasturga ma'lumotlarni kiritish bilan bog‘liq bo‘lgan savollarga yechim topishni o‘z ichiga olgan bo‘lib, 2018 yil 10-21 dekabr kunlari YuNKTAD'ning mustaqil vakili Artak Marutyan tomonidan o‘tkazildi. Mazkur seminarlarda Moliya vazirligining xodimlari qatnashib, unda Moliya vazirligi va YuNKTAD xodimlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashildi.
Ma'lumot uchun: «DMFAS-6» DM «Qarzni boshqarish va moliyaviy tahlil tizimi»- BMTning Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (YuNKTAD) tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, bu davlatning ichki va tashqi qarzlarini boshqarishni integratsiyalash imkonini beradi hamda uning holatini yuqori darajada tahlil qilishni o‘z ichiga olib, asosan Moliya vazirligi va Markaziy bankda qo‘llaniladi. Qayd etish joizki, «DMFAS-6» DM jahonning 57 davlati va 84 dan ziyod moliyaviy-iqtisodiy institutlarida keng foydalaniladi. So‘nggi yillarda «DMFAS-6» DM davlat qarzini boshqarish, davlat qarzi portfelini tahlil qilish va hisobini yuritishda ko‘plab hukumatlarga o‘z imkoniyatlarini yaxshilashda muvaffaqiyatli yordam berdi. Shuningdek, «DMFAS-6» DM o‘z foydalanuvchilariga davlatning ichki va tashqi, qisqa, o‘rta va uzoq muddatli qarzlari bo‘yicha hamda qayta kreditlash operatsiyalarini monitoring qilish imkoniyatini ta'minlab beradi. Qo‘shimcha ravishda, tizim doirasida xususiy qarz va grantlarni ham hisobini yuritish mumkin. Davlat xarajatlariga kelsak, «DMFAS-6» DM byudjyet ijrosi bo‘yicha davlat moliyaviy tizimiga ham ulanishi mumkin.
Bajarilgan ishlar davomida mutaxassislar shuni ta'kidladilarki, ushbu tizim mamlakatning qarzdorlik portfelini batafsil tahlil qilish uchun asosiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi, bu esa Davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasini sifatli amalga oshirish imkonini beradi.
Ta'kidlash joizki, ayni vaqtda Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan amaldagi kreditlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar davlat qarzini to‘liq nazorat qilish va avtomatlashtirish, shuningdek, davlat qarz portfelini xalqaro standartlarga javob beradigan darajada batafsil tahlil qilish maqsadida «DMFAS-6» DMga kiritilmoqda.