Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashuv markazi (CED) rahbari Yuliy Yusupov O‘zbekiston Respublikasida soliq islohotini amalga oshirish yo‘lidagi muammo va kamchiliklar haqida Kun.uz sayti uchun navbatdagi maqolani tayyorladi. Unda o‘z manfaatlarini himoya qilayotgan lobbistlar va jamiyat manfaatlari qarama-qarshiligi tahlil qilinadi.
«Menimcha, O‘zbekistonda islohotlarni amalga oshirishning asosiy muammolaridan biri — hali to‘liq sayqallanmagan, shaxsiy va idoraviy manfaatlarni lobbi qilish uchun ko‘plab teshiklarga ega bo‘lgan davlatning muhim qarorlarini qabul qilish tizimidir.
So‘nggi ikki yilda bu tizimni takomillashtirish uchun ko‘plab ishlar qilindi, xususan, normativ aktlar loyihalarini ommaviy muhokama qilish amaliyoti joriy qilindi.
Afsuski, bu tizim hali mukammallikdan ancha yiroqdir. Uning to‘liq shaffof emasligi, tiyib turuvchi va qarama-qarshilik qiluvchi to‘laqonli mexanizmlarga ega emasligi ba'zan ijtimoiy emas, balki xususiy, guruhiy manfaatlarni himoya qiluvchi qarorlarning qabul qilinishiga zamin yaratmoqda.
Bunga yaqqol misol — 2018 yil dekabr oyining oxirida qabul qilingan soliq va bojxona qonunchiligidagi o‘zgarishlar.
Ulardan ba'zilari, xususan juda muhimlari ommaviy muhokama qilinmasdan va hatto oldin qabul qilingan va e'lon qilingan qarorlarga zid ravishda qabul qilindi. Xususan, prezidentning iyun oyida imzolagan «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida»gi qarori va shu vaqtdagi «O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga zid ravishda.
Muammo qarorlarning o‘zgarib qolganida emas (bu tabiiy hol), balki sahna ortida o‘zgarib qolganidadir. Mana shunday o‘zgarishlarning orqasida ko‘pincha turli lobbistlar turgan bo‘lishadi.
O‘tgan yilning sentabr oyida repost.uz nashrida men elektrotexnika sanoatini rivojlantirish haqidagi normativ akt loyihasi tahlil qilingan maqolani taqdim qilib, unga ko‘plab xususiy va idoraviy manfaatlarning kiritilganini ko‘rsatgan edim.
Hujjat oltin baliqchaga taqdim qilingan istaklar ro‘yxatiga o‘xshab ketardi: «uni istayman, buni xohlayman, yana nimani so‘rasam ekan?». O‘shanda hujjatni bunday ko‘rinishda zinhor qabul qilmaslik haqida yozgan edim. Bu hujjatning taqdiri o‘tmishga qaytishimiz yoki islohotlarni davom ettirishimizni aniqlab beruvchi o‘ziga xos lakmus qog‘oz edi.
2019 yil 4 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Elektrotexnika sanoatining eksport salohiyatini yanada rivojlantirish va oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Bundan tashqari, yaqinda qabul qilingan «2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga budjet mo‘ljallari to‘g‘risida»gi prezident qarorini ham nazardan qochirmasligimiz kerak, unda bojxona to‘lovlarini pasaytirish haqidagi iyun oyidagi qarorga ham o‘zgartirishlar kiritildi.
Mana shu ikkita hujjatga tayangan holda, elektrotexnika sanoati lobbistlarining omadi qanchalik yurishganini ko‘rib chiqamiz.
Bojxona to‘lovlari — lobbistlar 1:0 hisobida oldinda
Lobbistlarning asosiy yutug‘i — bojxona to‘lovlarining oshirilishi bo‘ldi (aslida ularni 2019 yil 1 yanvardan pasaytirish ko‘zda tutilgandi).
Ular ko‘plab elektrotexnika mahsulotlarining (va nafaqat ularning) importiga yuqori bojxona to‘lovlari va aksizlarni saqlab qolishga (ba'zi joylarda esa oshirishga) muvaffaq bo‘lishdi. Natijada, proteksion himoya bo‘yicha bu soha avtomobilsozlikdan keyin 2-o‘ringa chiqib oldi.
Mahalliy avtosanoatni «himoya qilish»ning qayg‘uli tajribasi ko‘rsatib turganidek, bunday «bazm»ning yuki avvalo:
a) mahalliy iste'molchi gardaniga tushadi, endi ular har doim ham sifatli va zamonaviy bo‘lmagan mahsulot uchun ortiqcha sarf-xarajat qilishadi;
b) jamiyatning gardaniga tushadi, ya'ni iqtisodiy islohotlar sur'ati pasayadi.
Demak, bu masalada lobbistlar sog‘lom aql va ijtimoiy manfaatlar ustidan yaqqol g‘alabaga erishishdi. Ammo bu xursand bo‘ladigan darajadagi yutuq emas, buning achchiq mevalarini tez orada tatib ko‘ramiz.
Nega yuqori bojxona to‘lovlari avtosanoatni raqobatdan himoya qilib, uni (iste'molchilar va jamiyat uchun salbiy oqibatlar kelib chiqayotgan bo‘lsa-da) O‘zbekiston bozoridagi deyarli mutlaq monopoliyachiga aylantirmoqda?
Chunki, texnik sabablarga ko‘ra, avtomobillarni kontrabanda orqali mamlakatga olib kirish juda qiyin, deyarli imkonsiz — ularning hammasi raqamlangan va yo‘llarda harakatlanishini osonlikcha kuzatib borish mumkin.
Maishiy texnika va elektrotexnika mahsulotlari bunday emas. Yuqori bojxona to‘lovlari sharoitida bu yerda noqonuniy import gullab-yashnaydi. Ha, chegaradan o‘tayotgan odamlarni yoppasiga qattiq tekshirib, buni cheklasa bo‘ladi. Ammo, janob lobbistlar ishonavering, kontrabanda oqimi baribir mamlakat hududiga kirish yo‘llarini topib oladi. Universal bo‘lgan iqtisodiy qonun bor: bojxona to‘lovlari qanchalik yuqori bo‘lsa, byudjyetga tushum shunchalik kamayadi, bojxona mulozimlariga pora esa shunchalik ko‘payadi. Ya'ni, siz nafaqat o‘zingizni, balki byudjyetni ham zarba ostiga qo‘yib, korrupsiyaning rivojlanishiga zamin yaratmoqdasiz.
Soha idoralarining vazifalari va vakolatlari, soliq imtiyozlari — jamiyat hisobni tenglashtirmoqda - 1:1
Dastlabki rejalarda ko‘zda tutilgan narsalar amalga oshirildimi?
1. Qarorning dastlabki loyihasida sohaning «xo‘jalik boshqaruvi» idorasi deb nomlanayotgan «O‘zeltexsanoat» ATni «O‘zeltexsanoat» aksionerlik jamiyatiga aylantirib, uning uchta, bir-biriga zid funksiyalarini saqlab qolish ko‘zda tutilgan edi:
· davlat nazorati idorasi, ya'ni davlat manfaatlarini himoya qilish;
· soha uyushmalari, ya'ni tijorat guruhlarining manfaatini himoya qilish;
· tijorat faoliyatini yuritish, ya'ni o‘z tijorat manfaatlarini himoya qilish.
Nega bu funksiyalar bir-biriga zid? Chunki, umummilliy, guruhiy va xususiy manfaatlar bir-biriga zid bo‘ladi, ya'ni bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga keladi. Shu tufayli, taraqqiy etgan jamiyatlarda bu funksiyalarni bir-biridan mustaqil bo‘lgan turli idoralar bajaradi.
Qabul qilingan qarorda ko‘rsatilishicha, «O‘zeltexsanoat» AT negizida O‘zbekiston elektrotexnika sanoati korxonalari uyushmasi tashkil etiladi. Uning raisi va o‘rinbosarlarini tayinlash esa Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan emas, balki ta'sischilarining umumiy yig‘ilishi qarori bilan amalga oshiriladi. Hujjatning dastlabki variantida ularning maqomini «vazir va vazir o‘rinbosari maqomiga tenglashtirish» ko‘zda tutilgan edi. Ammo yakuniy variantda bundan voz kechildi. Yomon emas.
Uyushma oldiga qo‘yilgan vazifalar asosan bunday idoralar bajarishi kerak bo‘lgan vazifalarga mos keladi. Ammo, muammo shundaki, bunday uyushmalar prezident qarori bilan emas, balki soha korxonalarining tashabbusi bilan tashkil qilinishi kerak. Hozircha esa ahvol shunday...
2. Dastlabki variantda Uyushma (dastlabki loyihada «O‘zeltexsanoat» AJ) o‘ziga va o‘z tarkibiga kiruvchi korxonalarga (e'tibor bering — hamma korxona uchun emas, balki faqat Uyushma a'zolari uchun!) juda ko‘p imtiyozlar va daromadning qo‘shimcha manbalarini so‘ragan edi. Xususan:
· «tayyor elektrotexnika mahsulotlarini importi bo‘yicha to‘langan bojxona to‘lovlari va aksizlarining 60 foiz qiymatini Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirish». Ya'ni, «O‘zeltexsanoat» AJ boshqaradigan jamg‘armaga berish. Uning daromadlarini esa: «aksionerlik jamiyati a'zolarining xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlarini qoplashga sarflash»; «aksionerlik jamiyatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ijro apparati xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, aksionerlik jamiyatining xorijiy vakolatxonalarini mablag‘ bilan ta'minlash va xorijiy maslahatchilarning xarajatlarini qoplash»ga yo‘naltirish;
· 2024 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga «O‘zeltexsanoat» AJ va uning a'zosi bo‘lgan korxonalarga soliq va bojxona imtiyozlarini berish, «foyda solig‘i, mulk va yer solig‘i, kichik korxonalarni yagona soliq to‘lovidan, shuningdek, davlatning maqsadli jamg‘armalariga ajratmalardan ozod qilish»; «Respublikada ishlab chiqarilmaydigan va o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun import qilinayotgan xomashyo va materiallar, butlovchi jihozlar, uskunalarni bojxona to‘lovlaridan ozod qilish (bojxona rasmiylashtiruvi uchun olinadigan yig‘imdan tashqari);
· «O‘zeltexsanoat» AJ a'zosi bo‘lgan korxonalarga (istisno tariqasida!) birja tovarlarini O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasidagi savdolar orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish huquqini berish;
· «O‘zstandart» agentligiga «O‘zeltexsanoat» AJ bilan hamkorlikda «Respublika bozoriga sifatsiz tovarlarning kirib kelishini oldini olish maqsadida», import qilinayotgan tovarlarning texnik reglamentini ishlab chiqishni topshirish, (bu «import yo‘lidagi notarif to‘siqlar» deyiladi — «mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish»ning yana bir yo‘li).
Yaxshiyamki, qabul qilingan qarorga bunday bandlar kiritilmadi — bu esa jamiyatning lobbizm ustidan yaqqol g‘alabasidir. Biroq, lobbi qilingan ba'zi narsalar baribir bor:
· «O‘zeltexsanoat» uyushmasi tarkibiga kiradigan elektrotexnika va elektr-maishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarga 2022 yilning 1 yanvariga qadar o‘zining asosiy va yordamchi ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar, shuningdek, ular tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida olib kelinadigan qurilish materiallari importida bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashni 120 kunga kechiktirish imkoniyati berilsin.
Yana imtiyozlar... Yaqindagina prezident ularga qarshi kurashishga chaqirgan edi. Va bu imtiyozlar negadir faqat Uyushma a'zolariga berilmoqda. Savol: biz sohani rivojlantirmoqchimizmi yoki faqat Uyushmaga kiruvchi korxonalarnimi?
· «O‘zeltexsanoat» uyushmasi mol-mulk solig‘i va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i to‘lashdan ozod etiladi. Shartnomalar bo‘yicha tashkilotlarning «O‘zeltexsanoat» uyushmasiga ajratmalari yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan bazadan chiqariladi.
Mayli, bu faqat Uyushma, uning a'zolari emas. Umid qilamizki, Uyushma tijorat bilan shug‘ullanmaydi, notijorat faoliyati esa foyda olishni ko‘zlamaydi.
· «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat xaridlari doirasida o‘tkaziladigan tenderlar, tanlovlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun 20 foizgacha bo‘lgan narx preferensiyasi mexanizmini joriy etishni nazarda tutuvchi davlat xaridlarini amalga oshirish tartibini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin».
Ha... Mahalliy mahsulotning yuqori qiymatini budjet hisobidan qoplash taklif qilinmoqda, ya'ni soliq to‘lovchilarning cho‘ntagidan. Soliq to‘lovchilardan esa bunday «saxiylik»ka tayyormi-yo‘qmi, buni so‘rash yana unutilgan...
Hozircha durangmi?
Natijada, boshqa punktlar bo‘yicha (bojxona to‘lovlari masalalaridan tashqari) lobbistlarning yutuqlari unchalik ko‘p emas, ammo ularni omadsiz deb ham bo‘lmaydi. Bu yerda jamiyat o‘zini oz-moz bo‘lsa-da himoya qila oldi, xususan, soha rahbarlari va kuratorlarining dastlabki rejalarini ommaviy muhokama qilish orqali.
Menimcha, bu katta yutuq. Ayniqsa, yaqin o‘tmishda bunday qarorlar qanday qabul qilinganini eslaydigan bo‘lsak. Biz shunchaki televizorni qo‘yib, kompyuterni yoqib, gazetalarni ochib bugundan boshlab qanday yangi mamlakatda yashayotganimizni bilib olardik, xolos. Bizdan umuman hech narsa so‘ralmas edi.
Hozir esa unchalik mukammal va samarali bo‘lmasa-da, teskari aloqa mexanizmlari ishga tushirildi. Fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari, ekspertlar hamjamiyati qarorlarning qabul qilinishiga ta'sir qiluvchi haqiqiy kuchga aylanmoqda. Bu jarayonda hokimiyatning ijrochi (xususan, mahalliy deputatlarning ham) va sud vakillarini ham ishtirok etishini istardik. Hozircha ular o‘z funksiyalarini yuzaki bajarishmoqda.
Ijro hokimiyati davlat qarorlarini qabul qilishning tasdiqlangan jarayonlarini so‘zsiz bajarishini istardik. Xususan, normativ aktlarning ommaviy muhokama qilingan holda qabul qilinishini. Shuningdek, o‘zining qonunchilik vakolatlarini qonun qabul qiluvchilarga bosqichma-bosqich o‘tkazishini xohlardik. Masalan, soliq va bojxona stavkalarining belgilanishi, imtiyozlar taqdim qilinishi bilan bog‘liq masalalarni. Bular hokimiyat yoki prezident darajasida emas, balki parlament darajasida tartibga solinishi lozim. Shundagina lobbistlarga oson bo‘lmaydi...
Bizga parlament, sud, ma'muriy islohotlar juda kerak, xususan, soha boshqaruvi islohotlari, hududlar boshqaruvi, davlat xizmati bilan bog‘liq islohotlar. Ularsiz boshqa o‘zgarishlarni amalga oshirish juda murakkablashadi, ba'zan ilojsiz bo‘ladi. Umid qilamanki, 2019 yil eng asosiy islohot — davlat boshqaruvi tizimi islohoti yiliga aylanadi.
Yuliy Yusupov.