2018 yilda iste'mol sektoridagi inflyatsiya darajasi ma'lum bo‘ldi

Iqtisodiyot 09:39 / 01.01.2019 9112

Joriy yilning dekabr oyida mamlakat iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi o‘rtacha 2,1%ga oshdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Umumiy hisobda 2018 yil davomida iste'mol sektoridagi inflyatsiya darajasi 14,3%ni tashkil etdi.

2018 yil davomida INIning o‘rtacha oylik o‘sish sur'ati 1,1%ni tashkil etib, iqtisodiyotga inflyatsion bosim sentabr oyidan boshlab kuchayib borgan. Jumladan, 2018 yilning oxirgi to‘rt oyi davomida tovar va xizmatlarning iste'mol narxlari o‘sish darajasi 7,6%ni tashkil etdi.

2018 yil dekabr oyida tovarlar narxi o‘rtacha 2,3%, yil boshidan esa 13,8%ga qimmatlashgan bo‘lsa-da, ushbu guruh indeksi iste'mol sektoridagi umumiy yillik inflyatsiya darajasidan birmuncha pastroq darajani tashkil etdi (14,3%).

Oy davomida tovarlar narxi sezilarli darajada qimmatlashishi yanvar (3,0%) hamda dekabr (2,3%) oylarida qayd etilgan. 2018 yilning iyun va iyul oylarida (0,6% va 0,5%) esa aksincha, tovarlarning umumiy narxlar darajasining pasayishi, meva-sabzavot narxlarining sezilarli darajada arzonlashganligi bilan bevosita bog‘liq.

2018 yil dekabr oyidagi xizmatlar tarifi narxlari tovarlar guruhi narxlari darajasiga nisbatan pastroq sur'atda ko‘tarildi. Xizmatlar tariflari dekabr oyi davomida o‘rtacha 1,3%ga oshdi. Umumiy hisobda 2018 yil mobaynida ushbu sohadagi tariflar narxlarining o‘sish darajasi 15,8%ni tashkil etdi.

Yirik guruhlar bo‘yicha narxlarning oylik tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, 2018 yil davomida xizmatlar tarifi hamda nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari barqaror o‘sish tendensiyasiga ega bo‘lgan (ushbu guruhlarning o‘tgan oyga nisbatan INI doimiy ravishda 100,0%dan ortiqni tashkil etgan). Har oydagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlar o‘zgarishi birmuncha keng diapazonga ega bo‘lgan (yanvar oyidagi maksimal o‘sishdan (3,5%) to iyul oyidagi maksimal pasayishgacha (-2,3%).

Yil boshidan buyon narxlar o‘zgarishi tahliliga ko‘ra, ushbu guruh narxlari o‘zgarishi bir-biriga nisbatan o‘xshash vaziyatni ko‘rsatadi: 12 oy davomida xizmatlar 15,8%, oziq-ovqat mahsulotlari 14,9% va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari 12,5%ga oshgan.

Ko‘proq yangiliklar: