OAVda «Orzu layneri» ikki yilga qolmay ishdan chiqqani aytildi, aviakompaniya o‘z raddiyasida buni «triller ssenariysi» deb atadi

O‘zbekiston 12:00 / 29.12.2018 54096

24 dekabr kuni «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasiga qarashli, Moskva-Toshkent yo‘nalishida HY604 reysini amalga oshirgan Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti parvozi 1 soatu 18 daqiqaga kechikdi.

Xorijiy nashrlarda ushbu kechikish sababi sifatida samolyotda texnik nosozlik yuzaga kelgani aytildi.

Xususan, «Ozodlik» nashri aviakompaniyaning ismini sir tutishni so‘ragan mutaxassisiga asoslangan holda ishga tushirilganiga ikki yil ham bo‘lmagan samolyotning motori butunlay ishdan chiqqanini yozdi.

«Registratsiya raqami UK-78702 bo‘lgan Dreamliner 24 dekabr kuni Moskvadan 1,5 soat kechikib uchdi. Samolët bazo‘r Toshkentga qo‘nishi bilan motorni ochishdi. Ichidan qirindi chiqdi, turbina kuraklari qayrilgani ma'lum bo‘ldi. Yaxshiyamki, samolët eson-omon Toshkentga yetib keldi. Havoda dvigatel ishdan chiqsa nima bo‘lardi? Muhandislar samolyotda ortiqcha vibratsiya borligini oldindan bilishgan, rahbariyatga ham ma'lum qilishgan. Lekin samolyotni darhol reysdan chiqarib, texnik ko‘rikka olish o‘rniga uchirishdi», deyiladi manbada.

Nashr bu ma'lumotni tekshirish uchun «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining tijorat departamenti, unga texnik xizmatlar ko‘rsatuvchi Uzbekistan Airways Technics AK bilan bog‘langan, lekin javob ololmagan.

Flightradar24 sayti ma'lumotiga ko‘ra, Dreamliner UK-78702 oxirgi marta 24 dekabr kuni Moskvadan Toshkentga parvoz qilgan. Sayt ma'lumotiga ko‘ra, aviakompaniya ixtiyoridagi Dreamliner’lardan biri deyarli bir haftadan buyon havoga ko‘tarilmayapti (registratsiya raqami UK-001 bo‘lgan yana bir samolyot ham harakatsiz qolmoqda).

Nashr manbasi samolyotlar motori qisqa masofalarga ko‘p parvozlar qilishi oqibatida ishdan chiqqanini aytgan.

«Dreamliner bir uchishda 13 ming kilometrgacha uchadigan, dvigateli kuchli samolët. Uning tijoriy qimmati ham uzoqqa uchishi va ënilg‘i tejashidadir. Dunëning aksar aviakompaniyalari Dreamliner samolyotlarini aynan 10 ming kilometrdan uzoq reyslarga qo‘yish uchun sotib oladi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» esa Dreamliner’larni Moskva, Istanbul, Dubay va Pekin kabi 5000 kilometrga ham yetmaydigan masofalarga uchirib, allaqachon uning motorini ishdan chiqardi. Uchishi kerak bo‘lgan masofaning yarmiga ham uchmasa, dvigatel ikki baravar tezroq ishdan chiqadi», degan u.

Manba milliy aviakompaniya yil oxirigacha 3 million yo‘lovchi tashigani haqida prezidentga hisob berish maqsadida samolyotlarni maqsadga muvofiq bo‘lmagan tarzda ekspluatatsiya qilganini qo‘shimcha qilgan.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi nomini Uzbekistan Airways’ga o‘zgartirgan kompaniya «Ozodlik» nashri tomonidan tarqatilgan Boeing-787 Dreamliner samolyotining nosozligi haqidagi xabarga raddiya berdi. «Ishon, ammo tekshir. «Orzu layneri»ga ochiq tuhmat» sarlavhali raddiyada xorij nashri materiali «asabi baquvvat tomoshabinlar uchun triller ssenariysi»ga qiyoslangan.

Unda qisqa masofalardagi parvozlar Boeing-787 samolyotlarini achinarli ahvolga olib kelgani haqidagi ma'lumot keskin rad etilgan.

Raddiyada aviakompaniyadan izoh olinmasdan, bir tomonlama, havaskorlarga xos tarzda material tayyorlangani ro‘kach qilingan. Lekin «Ozodlik» maqolasida aviakompaniya bilan bog‘lanilgani, lekin ma'lumot olishning imkoni bo‘lmagani aytilgandi.

«Reys haqiqatdan ham 1 soat 18 daqiqaga ushlanib qolgan. Yo‘lovchilarni samolyotga chiqarish va havo kemasining muzlashga qarshi ishlovi bilan bog‘liq masalalar sabab bo‘lgandi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» 2016 yildan buyon GEnx-1B dvigatellari bilan jihozlangan Boeing-787 samolyotlaridan foydalanib keladi. Mazkur turdagi samolyotlar qisqa va uzoq masofalarga uchishda qulaylikni ta'minlash uchun sotib olingan.  

Boeing-787 samolyotlarining qisqa masofalarga parvoz qilishi ayrimlar taxmin qilganidek, ularning dvigatellari ishdan chiqishiga olib kelmaydi.

Masalan, Yaponiyaning yirik All Nippon Airways aviakompaniyasi orollar orasidagi parvoz vaqti o‘rtacha bir soatni tashkil etadigan qisqa reyslar uchun ham Dreamliner’lardan foydalanadi. Shuningdek, Lufthansa va Turkish Airlines kabi yirik aviakompaniyalar ham ichki parvozlarni amalga oshirish uchun uzoq masofalarga uchishga mo‘ljallangan Airbus-330 va Boeing-777 kabi samolyotlardan foydalanadi. Xususan, Lufthansa aviakompaniyasining parvoz vaqti 45 daqiqa bo‘lgan Myunxen-Frankfurt reysi uzoq masofaga uchishga mo‘ljallangan ikki palubali Boeing-747 Jambo Jet samolyotida amalga oshiriladi.

Injyener-texniklar jamoasi tomonidan dvigatellarga o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatiladi: har bir parvozdan so‘ng aviakompaniyaning har bitta samolyoti qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha puxta tekshiruvdan o‘tkaziladi. Me'yordan og‘ish aniqlangan taqdirda, samolyot parvozdan olinadi hamda qo‘shimcha tekshiruv yoki ta'mirlashga jo‘natiladi.

Parvoz xavfsizligini ta'minlash maqsadida Boeing-787 samolyotlari samolyot va uning dvigatelini ishlab chiqaruvchilar bilan uzviy hamkorlikda tekshiruvdan o‘tkaziladi. 

Ularning tavsiyalariga muvofiq, kelgusida qimmat ta'mirlash ishlarining oldini olish maqsadida samolyot 24 dekabr kuni dvigatellari rejali modifikatsiya qilish (Upgrade) uchun jo‘natildi. Bu aviakompaniyaning ortiqcha xarajatlarining oldini oladi, samolyotning ekspluatatsiya qilinishi muddatini uzaytiradi va yonilg‘i sarfini kamaytiradi», deyiladi raddiyada.

Ma'lumot uchun, 2018 yildagi tijoriy qiymati 239 million dollarga teng bo‘lgan Dreamliner samolyotlari Boeing korporatsiyasidan 2016 yilgi kelishuv doirasida sotib olina boshlagan. «Orzu layneri» deb nom olgan samolyotlarning birinchisi 2016 yilning sentyabrida, ikkinchisi 2016 yilning dekabrida Nyu-Yorkdan Toshkentga qo‘ngandi.

Buyurtma berilgan to‘rt Dreamliner’ning uchinchisi esa O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziëyevning 15-16 may kunlari AQShga qilgan safari yakunida, 2018 yilning 18 may kuni Toshkentga keltirilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: