Barcha zararli sanaydigan 8 ta mahsulot, rostdan ham ular shundaymi?

Light 15:02 / 20.12.2018 34520

Ko‘pchilik tomonidan sevib yeyiladigan mahsulotlar iste'mol qilinishi tavsiya etilmaydigan yoki hatto sog‘liq uchun zararli bo‘lganlar ro‘yxatiga tushib qoladi. Biroq ulardan qo‘rqish o‘rinlimi?

Eng keng tarqalgan “afsonalar”ni o‘rganish, keyin esa ularga ishonish-ishonmaslik borasida bir qarorga kelishni taklif etamiz.

Muzqaymoq

Bolalikdan sevib iste'mol qilinadigan desertning ommaviy ishlab chiqarilishi uning sifatiga katta ta'sir ko‘rsatdi. Bolalik ta'mini salomatlikka zarar keltirmasdan yodga olish usuli — sut va tabiiy mahsulotlardan foydalanish. Yoki uni uyda mustaqil tayyorlash (albatta, uy sharoitida tayyorlangan muzqaymoq — bu oddiy va hatto qiziqarli ham). Bunday mahsulot foydali aminokislotalar va mikroelementlar, vitamin va yog‘ kislotalariga boy. Shunday ekan, xavotir olish va bir stakan muzqaymoq iste'moli uchun o‘zingizni koyishga o‘rin yo‘q.

Makaronlar

Bu mahsulot butun dunyodagi millionlab kishilarning mehrini qozongan. Turli fikrlarga qaramay, makaronlar ortiqcha vaznga sabab bo‘lmaydi (agar gap bug‘doyning yumshoq navlaridan tayyorlangan mahsulotlar haqida bo‘lmasa). Qattiq navlardan tayyorlangan to‘g‘ri makaronlar qomatga zarar keltirmaydi. Bundan tashqari, ular sizga uzoq davom etadigan to‘qlik hissini berib, organizmni aminokislotalar hamda V va Ye guruhi vitaminlari bilan ta'minlaydi.

Oq non

Oq non — to‘g‘ri ovqatlanish tarafdorlari va vaznni kamaytirish istagidagilar tomonidan iste'mol qilinmaydigan mahsulot. Biroq achitqi qo‘shilmagan nonni oz miqdorda yeyish hatto foydali hamdir. Uning tarkibida asab tizimining sog‘ligi uchun zarur sanalgan kaliy, magniy, fosfor va V guruhi vitaminlari bor.

Saqich

Ko‘pchilik turli sabablar tufayli saqich chaynashmaydi. Bekor qilishadi! Bu mahsulot juda funksional. Saqichni ovqatdan keyin 20 daqiqa chaynash ovqat hazm qilish va og‘iz bo‘shlig‘ining sog‘lig‘iga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. O‘zining xususiyatlari sabab u oshqozon shirasi ajralishini yaxshilaydi, shu orqali ovqatni samarali hazm qilish imkonini beradi. Shu bilan birga tishlarni kariyes paydo bo‘lishiga sabab hisoblangan ovqat qoldiqlaridan himoya qiladi. Bundan tashqari, saqich miya faoliyatiga ham ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Shuningdek, nafasga musaffolik beradi.

Qahva

Mana bir necha o‘n yildirki, bu ichimlik tetiklik va quvvat ramzi sanaladi. Shu bilan birga ayrim kishilarning fikriga ko‘ra, u yurak qon-tomir kasalliklarining sababchisi. Beyker instituti bu fikrni rad etadi. Ular tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot qahva yurak qon-tomir tizimiga ijobiy ta'sir qilishini ko‘rsatdi. Ichimlikni me'yorida ichish saraton, diabet kabi kasalliklar ehtimolini kamaytirib, asab tizimi va ovqat hazm qilishga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Biroq bu yerda ham cheklovlar bor. Qahvaning ko‘plab ijobiy jihatlariga qaramay, homilador ayollar va qon bosimi yuqori bo‘lganlar undan voz kechishlariga to‘g‘ri keladi.

Kartoshka

Kartoshka tezda vazn to‘plashga olib kelishi haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Bunga uglevodlar aybdor. Dastlab uglevodlarni belni qalin ko‘rinishga olib kelgani uchun ayblash yaramaydi. Ular mushaklar va bosh miya uchun a'lo darajadagi yoqilg‘idir. Qomatingizga zarar keltirishi mumkin bo‘lgani bu — fri kartoshkasi. Qaynatilgan holatda bu mahsulot guruchga qaraganda kamroq kaloriyali. Shu bilan birga, S, V2, V3 va V6 vitaminlariga boy.

Popkorn

Popkorn zararli va befoyda mahsulot hisoblanadi. Biroq Amerika parhezshunoslar assotsiatsiyasi boshqacha fikrda. Uning tarkibida, oqsil, oltin, fosfor, temir va kremniy bor. Uy sharoitida tayyorlangan popkorn faqat ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Kinoteatrlarda xarid qilingan qovurilgan makkajo‘xorida ham foydali xususiyatlar bor, biroq uni tayyorlashda juda ko‘p yog‘ va ta'm kuchaytirgichlar qo‘shiladi. Ana undan voz kechish kerak.

Tuz

Sizni artroz haqidagi fikrlar bilan qo‘rqitishganmi? Bu kasallikni sho‘r narsalarni yaxshi ko‘rish bilan bog‘lashlari noto‘g‘ri. Artroz — tog‘ay to‘qimasidagi patologik o‘zgarishlar fonida rivojlanadigan yallig‘lanish jarayoni. Osh tuzi bo‘g‘imlarda to‘planmaydi va kasallikning kelib chiqish sababi bo‘la olmaydi. Aksincha, u organizmga suv-tuz balansini qo‘llab-quvvatlashda yordam beradi. Biroq uni ham ko‘p iste'mol qilish yaramaydi. Ko‘p miqdordagi tuz semizlik, gipertoniya va buyrak kasalliklariga olib keladi.

Ko‘proq yangiliklar: