Olimlar universal sog‘lom ovqatlanish qoidalari mavjud emasligini isbotlashdi

Light 00:40 / 18.12.2018 13231

Veytsman instituti (Isroil) g‘aroyib tadqiqot o‘tkazdi. Bir necha yil davomida olimlar 800 kishidan iborat ko‘ngillilar guruhini kuzatishdi. Tajriba ishtirokchilari ikki guruhga ajratildi. Birinchi guruhdagilar faqat “sog‘lom” taomlarni iste'mol qilishdi. Ikkinchilar esa sog‘lom hisoblanmaydigan yeguliklarni yeyishdi: yarim tayyor mahsulotlar, chipslar, gazli ichimliklar, muzlatilgan mahsulotlar va h.k (tadqiqotga jami 47 mingta mahsulot kiritildi).

Professor Eran Elinav va Eran Segal tadqiqotni o‘tkazgan hamkasblari bilan birgalikda g‘aroyib xulosaga kelishdi. Aniqlanishicha, kuzatilayotgan kishilarning organizmlari yegulikka individual reaksiya bergan. Har ikki guruhda ham ijobiy va salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan.

Xususan, tadqiqotning turli ishtirokchilarida yagona taomga qondagi qand darajasining o‘zgarishi bir-biridan batamom farq qilgan. Aynan shuning uchun ham bir kishi ortiqcha vazn to‘plashi, boshqa birov esa aynan shu parhezda ixcham ko‘rinishda qolishini kuzatishimiz mumkin.

Hozirgi vaqtda parhezshunoslar glikemik indeksga qarab yo‘nalish belgilashmoqda. Indeks u yoki bu ovqat hamma uchun qay darajada “sog‘lom” ekanini belgilaydi. Biroq tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, bir xil yegulik turli kishilar qonidagi qand miqdoriga turlicha ta'sir ko‘rsatadi. Masalan, tadqiqotda ishtirok etgan, unga avval vazn tashlash maqsadida turli parhezlarni sinab ko‘rgan bir ayolda tomat iste'molidan keyin qand darajasi “sakrar ekan”. Boshqalarda esa shirin pishiriqlarga qaraganda bananlar ko‘proq o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi aniqlangan.

Tadqiqot natijalari bo‘yicha tayyorlangan ma'ruzada “sog‘lom” va “nosog‘lom” mahsulotlar har bir odam uchun hayotning muayyan fursatidan kelib chiqib, individual tarzda aniqlanishi kerakligi aytilgan. Aynan shuning uchun ham “barcha uchun sog‘lom ovqatlanish” mavjud emas. Mahsulotlarni esa ichaklar mikroflorasining turli oziq-ovqatlarga reaksiyasidan kelib chiqib tanlash lozim.

Ko‘proq yangiliklar: