Vatandoshlarni O‘zbekistonga taklif etish tartibi belgilanadi

O‘zbekiston 15:55 / 14.12.2018 15659

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 oktabrdagi “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3982-sonli qarorini amalga oshirish haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, ularning oila a'zolariga O‘zbekiston Respublikasiga ko‘p marotabali hamda uzoq muddatli kirish vizalarini rasmiylashtirish va ularni ichki ishlar organlarida vaqtincha propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Nizomga ko‘ra, quyidagilar:

O‘zbekiston hududidan tashqarida doimo istiqomat qiladigan yoki ta'lim olish, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish, oilaviy sabablar va boshqa sharoitlardan kelib chiqib vaqtinchalik chet elda yurgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;

xorijga chiqqan va chet el fuqaroligini olgan, Vataniga ma'naviy va madaniy nuqtai nazardan mansublikni his qilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan madaniy-gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayotgan O‘zbekistondan chiqib ketgan shaxslar va ularning avlodlari;

etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtai nazardan o‘zini o‘zbeklar yoki qoraqalpoqlar sifatida identifikatsiya qilgan hamda O‘zbekiston bilan har tomonlama aloqada bo‘lish xohishida bo‘lgan xorijda istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar hisoblanadi.

Vatandoshlarning oila a'zosiga uning turmush o‘rtog‘i, o‘z oilasiga ega bo‘lmagan hamda voyaga yetmagan farzandlari kiradi. Ularni taklif qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga  O‘zbekistonda doimiy istiqomat qiluvchi to‘g‘ri shajara bo‘yicha birinchi va ikkinchi darajali qarindoshlari kiradi.

Vatandoshlarni O‘zbekiston Respublikasiga taklif qiluvchi  doimiy istiqomat joyidagi IIO MvaFRBga murojaat etib quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

ikki nusxada belgilangan shakldagi ariza-anketa;

taklif qiluvchining pasporti (nusxasi olinib, asli qaytarib beriladi);

vatandoshlarning milliy pasporti yoki harakatlanish hujjati nusxasi;

taklif qiluvchining vatandoshlar bilan qarindoshlik darajasini tasdiqlovchi hujjatlar (nikoh tuzilganligi va tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi hujjatlar, nusxasi olinib, asli qaytarib beriladi);

taklif qiluvchining 3,5x4,5 hajmli 2 dona fotosurati;

davlat boji to‘langanligi haqida kvitansiya.

Vatandoshlar chet el fuqarolarini O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lishlarini belgilab beruvchi me'yoriy huquqiy hujjatlar asosida respublikaga kelishlari, ketishlari va bo‘lishlari lozim.

Vatandoshlar o‘z xohishlariga ko‘ra mehmonxona, sanatoriy, davolanish muassasalari va xususiy xonadonlarda vaqtincha propiskadan o‘tib yashashlari mumkin.

Xususiy xonadonda yashash istagini bildirgan vatandoshlarni vaqtincha propiskadan o‘tkazish uchun ularni taklif qilgan (qabul qiladigan) fuqarolar, o‘zlari turgan joydagi IIO M va FRBga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

belgilangan shakldagi ariza;

vatandoshlarning milliy pasporti yoki harakatlanish hujjati, O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizasi (O‘zbekiston Respublikasi bilan vizasiz tizim o‘rnatilgan MDHga a'zo davlatlar bundan mustasno);

taklif qiluvchining vatandoshlar bilan qarindoshlik darajasini tasdiqlovchi hujjatlar (nikoh tuzilganligi, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi hujjatlar nusxasi olinib asli qaytarib beriladi);

uy-joy mulkdori (mulkdorlari)ning vaqtincha turar joy maydoni berish to‘g‘risidagi arizasi (roziligi) yoxud notarial tasdiqlangan arizasi (roziligi), agar shaxsan o‘zi berish imkoni mavjud bo‘lmasa;

davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya.

M va FRB vaqtincha propiskaga topshirilgan vatandoshlarning hujjatlari haqiqiyligini, amal qilish muddatini, o‘z vaqtida topshirilganligini, vatandoshlarning arizasidagi biografik va viza ma'lumotlarni to‘g‘ri yozilganligini tekshirishi lozim.

Barcha tekshiruvlar tugaganidan so‘ng, ikki ish kunida MvaFRB 2 yilgacha muddatga vaqtincha propiskani rasmiylashtiradi. Bunda vaqtincha propiska muddati milliy pasport, harakatlanish hujjati va viza muddatidan ortiq bo‘lmasligi lozim.

Vatandoshlar O‘zbekiston Respublikasining barcha qonun va qoidalariga rioya etishlari shart.

Vatandoshlar yashash manzillarini o‘zgartirsalar bir ish kunidan kechikmay hududiy IIO MvaFRBga vaqtincha propiskani o‘zgartirish uchun murojaat etishlari lozim (mehmonxona va sanatoriy, davolanish muassasalariga ko‘chib o‘tish bundan mustasno).   

Vatandoshlar O‘zbekiston Respublikasida qolishga qonuniy asoslari bo‘lmasa bo‘lish muddatlari tugaguncha respublika hududidan chiqib ketishlari lozim.

Vatandoshlar qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlari, ta'lim olishlari va doimiy yashashga qolishlari mumkin.

Vatandoshlar mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va ta'lim olish uchun o‘rnatilgan tartibda ruxsat olsalar, respublika hududidan chiqib ketmagan holda MvaFRB orqali vizalarini shunga muvofiq o‘zgartirishlari mumkin. 
 
Vatandoshlar O‘zbekiston Respublika hududida milliy pasportlari yoki harakatlanish hujjatlarini turli sabablarga ko‘ra almashtirsalar, amal qilish muddati tugamagan eski pasportlaridagi viza va vaqtincha propiska MvaFRB tomonidan o‘rnatilgan tartibda yangisiga o‘tkazib berilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: