Senat yalpi majlisida Tashqi ishlar vazirligi duch kelayotgan muammolar sanab o‘tildi

O‘zbekiston 15:00 / 14.12.2018 8535

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligining vazirlik zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha faoliyati to‘g‘risidagi axboroti tinglandi. Senatorlarni hisobot bilan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov tanishtirdi.

Ilhom Ne'matov o‘z nutqini 2018 yil 11 dekabrda AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo o‘z qarori bilan rasmiy ravishda O‘zbekistonni diniy erkinliklar masalasida «alohida tashvishga sabab bo‘layotgan mamlakatlar ro‘yxati»dan chiqargani haqidagi xabar bilan boshladi. Senatorlar tomonidan bu xabar gulduros qarsaklar sadosi ostida qarshi olindi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari tashqi ishlar tizimida erishilgan natijalarni keltirib o‘tgach, vazirlik duch kelayotgan muammolarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Ilhom Ne'matov asosiy muammolar sifatida quyidagi to‘rt muammoni sanab o‘tgan:

- Idoralararo hamkorlikni ta'minlash muammosi hanuzgacha hal etilmagan, ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish jarayoni, tashriflar yakunlari to‘g‘risida axborot olish imkonini beradigan O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari bilan aniq o‘zaro aloqa mexanizmi mavjud emas, bu esa ikki tomonlama hamkorlikning chinakam holatini bilishni, uni yanada rivojlantirish bo‘yicha dolzarb tavsiyalar tayyorlashni cheklaydi;

- Tovarlar eksportini rivojlantirish, investitsiyalar va turistlarni jalb qilish masalari bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilishda Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik vakolatxonalar xorijiy muassasalarning takliflari sohaga ixtisoslashgan idoralar va viloyatlar hokimliklari tomonidan uzoq ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq muammoga duch kelinayotgani, bu bir qator muhim ikki tomonlama tadbirlarning majburan bekor qilinishiga yoki ko‘chirilishiga sabab bo‘layotgani;

- Hokimliklar faoliyatida idoralararo muvofiqlashtirish yetishmasligi, xorijiy hamkorlar bilan hamkorlik bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqishga rasmiyatchilik yuzasidan munosabatda bo‘lish, tashrifgacha investorlar bilan masofaviy ishlar olib borilmayotgani, hamkorlik shartlari, shartnomalar summalari kelishib olinmayotgani. Oxir-oqibat uchrashuvlar aniq shartnomalar va maqsadli bitimlar tuzish o‘rniga hamkorlik to‘g‘risida oddiy memorandumlar imzolash bilan yakunlanib qolishi;

- Xorijiy muassasalar ko‘p sonli hisobotlar tayyorlash bilan haddan ortiq ko‘p shug‘ullanishi ishlar samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani, xodimlar shtatining cheklangani hisobga olinsa, xorijiy muassasalarga diqqat-eʼtiborni aniq natijaga qaratish imkonini bermayotgani.

Ko‘proq yangiliklar: