O‘zbekistonda oliy ta'lim to‘g‘risidagi yangi nizom tasdiqlanadi

O‘zbekiston 11:32 / 14.12.2018 32763

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga muvofiq kadrlar tayyorlashning mazmunini tubdan takomillashtirish, xalqaro standartlar darajasida oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlashga zarur shart-sharoitlar yaratish hamda oliy ta'lim muassasalari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash jarayonlarini muvofiqlashtirish maqsadida Oliy ta'lim to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

Oliy ta'lim to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, oliy ta'lim uzluksiz ta'lim tizimining mustaqil turi bo‘lib, oliy ta'lim muassasalarida umumiy o‘rta (11 sinf) va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi amalga oshiriladi.

Oliy ta'lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

oliy ta'limni iqtisodiyotning tarmoq va sohalari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilganligi;

ta'lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;

oliy ta'limni umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limlar bilan uzluksizligi va uzviyligi;

ta'lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;

davlat ta'lim standartlari doirasida ta'lim olishning hamma uchun ochiqligi;

ta'lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;

bilimli bo‘lishni va iste'dodni rag‘batlantirish;

oliy ta'lim tizimida davlat va jamiyat boshqaruvini uyg‘unlashtirish;

oliy ta'lim, fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash.

Mamlakatning istiqbolini hisobga olgan holda zamon talablariga javob bera oladigan malakali, raqobatbardosh, yuksak bilimli, respublikaning ilm-fan, madaniyat, iqtisod, ijtimoiy sohalarini rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shadigan, mustaqil fikrlay oladigan, yuksak ma'naviyatga ega bo‘lgan yuqori salohiyatli mutaxassislarni tayyorlashdan oliy ta'limning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Oliy ta'limning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:

davlat ta'lim standarti, malaka talablari, o‘quv reja va o‘quv fan dasturlarga muvofiq o‘qitish sifatini ta'minlash;

o‘quv jarayonini (amaliyot, stajirovka) kadrlar iste'molchilarining takliflarini inobatga olgan holda tashkil etish;

oliy malakali mutaxassislar, shuningdek ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;

ilm-fan, madaniyat, texnika, texnologiyalar, iqtisodning zamonaviy yutuqlari, mamlakatning iqtisodi va madaniyatining ijtimoiy istiqbolini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash uslublarini tizimli takomillashtirish;

yoshlarda insonparvarlik ruhiyatini shakllantirish, ularning tarbiyasiga milliy vatanparvarlik g‘oyasi asosida umuminsoniy qadriyatlarni hamda Vatanga, jamiyatga, oilaga va atrof-muhitga muhabbatni singdirish;

o‘qitishning interfaol usullarini, innovatsion pedagogik hamda axborot kommunikatsion texnologiyalarini, mustaqil ta'lim olish, masofaviy ta'lim tizimini amaliyotga joriy qilish;

oliy ta'limda fan va ishlab chiqarish uyg‘unligi mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotda qo‘llash;

ilmiy-pedagogik kadrlar va ta'lim oluvchilarning ilmiy–ijodiy faoliyati, ilmiy tadqiqotlari yordamida fan, texnika, texnologiyalarni rivojlantirish, olingan natijalarni mamlakat iqtisodiyotida va ta'lim jarayonida qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash;

davlat va nodavlat oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish asosida ta'lim xizmatlari bozorida raqobatni yuzaga keltirish;

oliy ta'lim muassasalarini boshqarishni takomillashtirish va mustaqilligini kengaytirish, jamoat boshqaruvini vasiylik kengashlar shaklida olib borish;

ta'lim va kadrlar tayyorlash sifatini ta'minlash borasida ilmiy, uslubiy tadqiqotlarni olib borish, bitiruvchilarni kasb yo‘llash hamda mehnat bilan bandligi monitoringini olib borish;

oliy ta'lim sohasida o‘zaro foydali xalqaro hamkorlik aloqalarni rivojlantirish.

Oliy ta'lim tizimi quyidagilardan iborat:

davlat ta'lim standarti va malaka talablariga muvofiq ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha ta'lim dasturlarining bajarilishini ta'minlaydigan davlat va nodavlat oliy ta'lim muassasalari;

oliy ta'limni normativ-huquqiy va ilmiy-uslubiy ta'minoti bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib boruvchi ilmiy-pedagogik muassasalar;

oliy ta'limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organlari, shuningdek, ularga bo‘ysinuvchi korxona, muassasa va tashkilotlar.

Oliy ta'lim ikki bosqichdan iborat: bakalavriat va magistratura.

Oliy ta'lim muassasalarida bakalavr va magistrlarni tayyorlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 16 avgustdagi 343-son “Oliy ta'limning davlat ta'lim standartlari. Oliy ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari Klassifikatori”ga muvofiq olib boriladi.

Oliy ta'lim muassasasi Oliy ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari Klassifikatoriga muvofiq mehnat bozori talablaridan kelib chiqib, bakalavriatning yangi ta'lim yo‘nalishi va magistraturaning yangi mutaxassisligini ochish bo‘yicha takliflar berish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasida oliy ta'lim muassasalarining quyidagi turlari mavjud: universitet, akademiya, institut (qonunchilik hujjatlariga muvofiq mavqe (statusi) ularga tenglashtirilgan boshqa oliy ta'lim muassasalari).

Universitet:

ta'limning bir necha yo‘nalishlarida oliy va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim beradi;

turli sohalardagi mutaxassislarni malakasini oshiradi va qayta tayyorlaydi;

fanning turli yo‘nalishlarida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiradi;

xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma dasturlar asosida kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi;

taalluqli ilm sohasi bo‘yicha tayanch ilmiy-uslubiy markazi hisoblanadi.

Akademiya:

ta'lim sohasida ma'lum belgilangan oliy va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim berishga mo‘ljallangan ta'lim dasturlarini bajaradi;

muayyan soha mutaxassislarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashni amalga oshiradi;

fan, madaniyat yoki san'atning aniq sohalarida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiradi;

xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma dasturlar asosida kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi faoliyati sohasida yetakchi ilmiy va uslubiy markaz hisoblanadi.

Institut:

ta'lim va fanning ma'lum bir sohasida oliy va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limning ayrim dasturlarini amalga oshiradi;

ma'lum bir sohada va hududdagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi;

xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma dasturlar asosida kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradi.

Ko‘proq yangiliklar: