O‘zbekistonda notariuslarga doir yo‘riqnoma tasdiqlanadi

O‘zbekiston 16:33 / 14.12.2018 12215

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Yo‘riqnomaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi «Notariat to‘g‘risida»gi Qonunining 23-moddasiga muvofiq notariuslar quyidagi notarial harakatlarni amalga oshiradi:

bitimlarni tasdiqlaydi;

vasiyatnomalarni tasdiqlaydi;

er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga bo‘lgan mulk huquqi to‘g‘risida guvohnomalar beradi;

merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma beradi;

meros mol-mulkning qo‘riqlanishiga doir chora-tadbirlar ko‘radi;

hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan ko‘chirmalarning to‘g‘riligini shahodatlaydi;

hujjatlarning bir tildan boshqa tilga to‘g‘ri tarjima qilinganligini shahodatlaydi;

hujjatlardagi imzoning haqiqiyligini shahodatlaydi;

ko‘chmas mulk ochiq savdoda sotib olinganligi haqida guvohnoma beradi;

fuqaroning tirik ekanligi faktini tasdiqlaydi;

fuqaroning muayyan joyda ekanligi faktini tasdiqlaydi;

yuridik shaxsning rahbar organi tomonidan qaror qabul qilinganligi faktini tasdiqlaydi;

fuqaroning fotosuratda aks ettirilgan shaxs ekanligini tasdiqlaydi;

hujjatlar taqdim etilgan vaqtni tasdiqlaydi;

jismoniy va yuridik shaxslarning arizalari va (yoki) boshqa hujjatlarini boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga topshiradi;

pul summalari va qimmatli qog‘ozlarni depozitga qabul qilib oladi;

hujjatlarni saqlash uchun qabul qilib oladi;

pul to‘lash uchun cheklarni taqdim etadi va cheklar bo‘yicha pul to‘lanmaganligini tasdiqlaydi;

ijro xatlarini yozadi;

veksellarning protestlarini amalga oshiradi;

dengiz protestlarini amalga oshiradi;

notarial tasdiqlangan hujjatlarning dublikatlarini hamda reyestrlardan ko‘chirmalarni beradi.

Notariuslar qonunlarda nazarda tutilgan boshqa notarial harakatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirishda audio va videoyozuv vositalaridan foydalanilishi mumkin.

Notariuslar o‘z nomiga va o‘z nomidan, xotini (eri) nomiga hamda uning nomidan, xotinining (erining) va o‘zining qarindosh-urug‘lari (ota-onasi, bolalari, nabiralari, tug‘ishgan aka-uka va opa-singillari), ular bilan vasiylik va homiylik tufayli bog‘langan shaxslar nomiga hamda ularning nomidan notarial harakatlarni amalga oshirishga haqli emas.

Notarius notarial harakatlarni amalga oshirishni so‘rab murojaat qiluvchilarning (ularning qonuniy vakillarining, shuningdek vasiy va homiylarining) va yuridik shaxs vakillarining shaxsini aniqlaydi.

Notarial harakatlarni amalga oshirishni so‘rab murojaat qiluvchi fuqarolarning shaxsi quyidagi hujjatlarga asosan aniqlanadi:

O‘zbekiston fuqarolarining shaxsi — milliy pasport;

16 yoshga to‘lmagan fuqarolarning shaxsi — tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;

harbiy xizmatchilarning shaxsi — harbiy qismlar va harbiy muassasalar qo‘mondonligi tomonidan beriladigan shaxsiy guvohnomalar yoki harbiy biletlar (harbiy xizmatga majbur fuqarolarning harbiy bileti bundan mustasno);

xorijiy fuqarolarning shaxsi — ularning milliy pasporti (qonun hujjatlariga muvofiq xorijiy fuqarolar tegishli ichki ishlar organlari tomonidan ro‘yxatga olinishi lozim) yoki O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoxud diplomatik pasporti yoki O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinganligini tasdiqlovchi akkreditatsiya kartochkasi;

fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi.

Notarius notarial harakat amalga oshirishni so‘rab murojaat etgan jismoniy shaxsning muomala layoqatini u bilan shaxsiy muloqot davomida aniqlaydi.

Notariusga murojaat etgan shaxsning ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi oqibatida o‘z xatti-harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydi yoki shu harakatlarni boshqara olmaydi deb yoxud spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik va psixotrop moddalarni iste'mol qilishi oqibatida o‘z oilasini og‘ir moddiy ahvolga solib qo‘yadi deb hisoblash uchun asosi bo‘lsada (shubha tug‘dirsada), ammo shu fuqaroning muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklanganligi to‘g‘risida ma'lumotlar bo‘lmasa, u notarial harakatni amalga oshirishni kechiktiradi va sudning shu shaxsni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topganligi to‘g‘risidagi qarori bor-yo‘qligini Tizim orqali aniqlaydi.

Agar mazkur shaxs sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, notarius notarial harakatni amalga oshirishni rad etish haqida qaror chiqaradi. Notarius ushbu qarordan norozi tomonning sudga murojaat qilish huquqini tushuntirishi lozim.

Agar mazkur shaxs sud tomonidan muomala layoqati cheklangan deb topilgan bo‘lsa, notarius notarial harakatni amalga oshirishda muomala layoqati cheklangan shaxs homiysining roziligini talab etadi.

Notarial harakatlar notarius ishtirokida imzolanadi.

Agar fuqaro jismoniy nuqsoni, kasalligi, savodsizligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga ko‘ra bitim, ariza yoki boshqa hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, bitim, ariza yoki boshqa hujjatni uning topshirig‘iga ko‘ra uning o‘zi va notarius hozirligida boshqa fuqaro imzolashi mumkin, bunda notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan fuqaroning hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganligi sabablari hujjat matniga va tasdiqlovchi yozuvga yozib qo‘yilishi lozim. Bunday hollarda notarial harakatlarni amalga oshirish chog‘ida audio va videoyozuv vositalaridan foydalaniladi.

Agar notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan fuqaro savodsiz, ko‘zi ojiz bo‘lsa yoki qandaydir sabablar tufayli ko‘zi yaxshi ko‘ra olmasa, shuningdek kasalligi tufayli bitim, ariza va boshqa hujjatlarni o‘qiy olmasa, notarius unga hujjat matnini ovoz chiqarib o‘qib beradi va bu haqda hujjat matnida va tasdiqlovchi yozuvda qayd etadi.

Notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog‘i og‘ir) bo‘lgan shaxs murojaat qilsa hamda u savodsiz bo‘lsa, notarial harakatni amalga oshirish paytida u bilan muomala qila oladigan va bitim, ariza yoki boshqa hujjatning mazmunini uning xohish-irodasiga muvofiq ekanligini o‘z imzosi bilan tasdiqlovchi surdo tarjimon hozir bo‘lishi shart.

Kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog‘i og‘ir) bo‘lgan hamda muomala layoqatiga ega bo‘lgan savodli fuqaro notarial harakatlarni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilsa, bitim, ariza yoki boshqa hujjat uning o‘zi tomonidan va surdo tarjimon tomonidan imzolanishi mumkin.

Kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog‘i og‘ir) bo‘lgan, muomala layoqatiga ega bo‘lgan, biroq surdo tarjimon bilan muloqot qila olmaydigan savodli fuqaro o‘z imzosi bilan bitim, ariza yoki boshqa hujjatning mazmunini o‘zining xohish-irodasiga muvofiq ekanligini notarius bilan yozma ravishda bildiradigan bo‘lsa, notarial harakatlarni amalga oshirishda surdo tarjimonning ishtiroki shart emas. Ushbu yozishmalar bitim, ariza yoki boshqa hujjatlar bilan birga tikib qo‘yiladi.

Agar notarius tegishli tillarni bilmasa, hujjat tarjimon tomonidan tarjima qilinadi va notarius uning hujjatga qo‘ygan imzosining haqiqiyligini shahodatlaydi.

Notarius, basharti tegishli tillarni bilsa, bir tildan boshqa tilga to‘g‘ri tarjima qilinganligini shahodatlaydi.

Tarjimon yoki surdo tarjimon hujjat tarjimasini noto‘g‘ri yoki yolg‘on tarjima qilganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishlari haqida notarius tomonidan ogohlantiriladi va bu haqda hujjat matnida ko‘rsatiladi.

Fuqaro jismoniy nuqsoni, kasalligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga ko‘ra bitim, ariza yoki boshqa hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganida, bitim, ariza yoki boshqa hujjatni uning topshirig‘iga ko‘ra imzolagan fuqaro, hujjatni tarjima qilib bergan tarjimon (surdo tarjimon) va boshqalar ham o‘zlariga ma'lum bo‘lgan axborotlarni oshkor qilishi taqiqlanadi.

Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun hujjatlar quyidagi hollarda qabul qilinmaydi:

qirib o‘chirilgan yoki qo‘shimchalar kiritilgan, so‘zlari ustidan chizilgan va izoh berilmagan boshqa tuzatishlari bo‘lgan, shuningdek qalamda yozilgan hujjatlar;

bir necha varaqlarda bayon etilib, varaqlari raqamlanmagan va ip o‘tkazib tikilmagan hujjatlar, hujjatni bergan tashkilot mansabdor shaxsining imzosi va muhri bo‘lmagan hujjatlar;

faksimile imzo muhri qo‘yilgan hujjatlar.

Agar hujjatdagi mavjud izoh berilmagan tuzatishlar yoki boshqa kamchiliklar taqdim etilgan hujjatning maqsadi uchun ahamiyatsiz bo‘lsa, notarius bunday hujjatni notarial harakatni amalga oshirish uchun qabul qilishga haqli.

Bitimlarni tasdiqlashda hujjatlarning kseronusxasi uning asl nusxasi va dublikati o‘rnini bosa olmaydi.

Notarius quyidagi hollarda notarial harakatni amalga oshirishni rad etadi, agar:

bunday harakatni amalga oshirish qonunga zid bo‘lsa;

bu harakat boshqa notarius tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lsa;

muomalaga layoqatsiz fuqaro yoxud zarur vakolatlari bo‘lmagan vakil notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan bo‘lsa;

yuridik shaxs nomidan amalga oshiriladigan bitim uning ustavida yoki nizomida ko‘rsatilgan maqsadlarga zid bo‘lsa;

bitim qonun talablariga muvofiq bo‘lmasa;

notarial harakatni amalga oshirish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar qonun hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lmasa.

Taqdim etilgan hujjatlarning qalbakilashtirilganligi yaqqol ko‘rinib turgan bo‘lsa yoki bunga shubha tug‘diruvchi yetarli asoslarning mavjudligi, shuningdek murojaat etuvchi shaxs tomonidan uni identifikatsiyalash uchun zarur bo‘lgan hujjatlar taqdim etilmaslik holatlari ham notarial harakatni amalga oshirish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar qonun hujjatlari talablariga muvofiq emas deb hisoblanadi.

Notarial harakatni amalga oshirish rad etilgan taqdirda notarial harakatni amalga oshirishni rad etish haqida notarius murojaat qilingan kundan boshlab uch kundan kechiktirmasdan qaror chiqaradi hamda notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan shaxsga beradi.

Ko‘proq yangiliklar: