O‘zbekiston Qahramoni Nikolay Kucherskiy vafot etdi

O‘zbekiston 07:59 / 14.12.2018 37774

O‘zbekiston kon-metallurgiya tarmog‘i faxriysi, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining sobiq bosh direktori Nikolay Ivanovich Kucherskiy 81 yoshida vafot etdi. Davlat rahbari va hukumat a'zolarining ta'ziyasi O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

Nikolay Kucherskiy 1937 yili Ukrainada tug‘ilgan. 1961 yilda Dnepropetrovsk konchilik institutini tog‘-kon muhandisi mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan. Shu yili Uchquduq shahrida tog‘ ustasi sifatida mehnat faoliyatini boshlab, uchastka boshlig‘i, karer boshlig‘i, bosh muhandis, so‘ng Markaziy ruda boshqarmasi direktori lavozimlarida ishladi. 

N.Kucherskiyning butun mehnat faoliyati O‘zbekistonning uran va oltin qazib olish sanoati bilan bog‘liq. 

Ishlab chiqarish sohasini puxta bilishi, ulkan tajribasi tufayli mamlakatimiz kon-metallurgiya tarmog‘ining yirik loyihalariga rahbarlik qildi. 1985 yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinatining bosh direktori etib tayinlandi. 

N.Kucherskiy bosh direktor lavozimida bor kuch-g‘ayratini, bilimini oltinni ochiq usulda qazib olishni jadal rivojlantirishga sarfladi. Ayniqsa, Zarafshon, Uchquduq oltinni qayta ishlash majmualarini tashkil etish va yanada rivojlantirishga, uran tarmog‘ini quduq burg‘ilagan holda yer ostida tanlab eritishdek kamchiqim usulga o‘tkazishga katta hissa qo‘shdi. 

Texnika fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan muhandis, Navoiy davlat konchilik instituti va Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish institutining faxriy professori N.Kucherskiy katta ilmiy-tadqiqot ishlari olib bordi. U 150 ga yaqin ilmiy ish, 14 ixtiro muallifidir. 

N.Kucherskiy Oliy Majlis deputati etib saylangan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi edi. 

N.Kucherskiyning O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, tog‘-metallurgiya sanoatini jadal rivojlantirishga qo‘shgan hissasi davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. 1996 yilda unga oliy mukofot – "O‘zbekiston Qahramoni" unvoni berildi. Shuningdek, u "El-yurt hurmati" va "Do‘stlik" ordenlari bilan mukofotlangan.

Ishlab chiqarish sohasining yirik tashkilotchisi, olim, mehribon ustoz Nikolay Ivanovich Kucherskiy xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi. 

Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov, 
A.Aripov, A.Sultonov, Q.Sanaqulov

Ko‘proq yangiliklar: