Maktab o‘qituvchilari mehnatiga haq to‘lash tartibi takomillashtiriladi (batafsil)

O‘zbekiston 16:09 / 14.12.2018 55789

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta'limi tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, xalq ta'limi xodimlarining lavozim maoshlari:

xalq ta'limi muassasalarining pedagog xodimlari va rahbar xodimlarining har bir lavozimi va malaka toifasi uchun belgilangan bazaviy tarif stavkalari asosida shakllantiriladi. Bazaviy tarif stavkasi Yagona tarif setkasi bo‘yicha tarif stavkasini hamda qonun hujjatlarida belgilangan tarif stavkasiga doimiy ustamalarni, shuningdek pedagog va rahbar xodimlarning ayrim toifalari ish haqiga qo‘shilgan kompensatsiya to‘lovlarini o‘z ichiga oladi;

xodimlarga qonun hujjatlarida belgilangan ustamalar va qo‘shimcha to‘lovlar asosida shakllantiriladi.

Xalq ta'limi pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalari:

xodimning lavozimiga;

xodimning malaka toifasiga;

xalq ta'limi muassasasining tipiga bog‘liq ravishda tabaqalashtiriladi.

Xalq ta'limi muassasalari rahbarlarining bazaviy tarif stavkalari quyidagi jadvalga binoan o‘quvchilar (tarbiyalanuvchilar) kontingentiga qarab muassasalar guruhidan kelib chiqib belgilanadi:

Xalq ta'limi xodimlarining kasbiy o‘sishini rag‘batlantirish uchun quyidagi malaka toifalari va ushbu malakalarni olish uchun xodimlarning ma'lumot darajasiga qo‘yiladigan asosiy talablar belgilanadi:

o‘rta maxsus, kasbiy (pedagogik yoki bajarilayotgan lavozim vazifalariga muvofiq bo‘lgan) ma'lumotga ega bo‘lgan, toifasi bo‘lmagan xodim;

bakalavr darajasiga yoki oliy ma'lumot darajasi bo‘yicha akademik darajalar joriy etilgunga qadar olingan oliy ma'lumotga ega bo‘lgan mutaxassis;

bakalavr, magistr darajasiga yoki oliy ma'lumot darajasi bo‘yicha akademik darajalar joriy etilgunga qadar olingan oliy ma'lumotga ega bo‘lgan ikkinchi toifali mutaxassis;

bakalavr, magistr darajasiga yoki oliy ma'lumot darajasi bo‘yicha akademik darajalar joriy etilgunga qadar olingan oliy ma'lumotga ega bo‘lgan birinchi toifali mutaxassis;

bakalavr, magistr darajasiga yoki oliy ma'lumot darajasi bo‘yicha akademik darajalar joriy etilgunga qadar olingan oliy ma'lumotga ega bo‘lgan oliy toifali mutaxassis.

Umumta'lim muassasalarining o‘rta maxsus, kasbiy yoki oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan, mazkur Nizom kuchga kirgan paytda pedagogik faoliyatni amalga oshirayotgan pedagog xodimlari uchun, ularning pedagogik tajribasini, shuningdek ular 2019-2020 o‘quv yilida ma'lumot olish uchun tegishli o‘quv muassasalariga o‘qishga kirishlarini hisobga olgan holda, o‘rta maxsus, kasbiy ma'lumotga ega bo‘lgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi.

Oliy yoki o‘rta maxsus, kasbiy ma'lumotga ega bo‘lmagan shaxslarni umumta'lim muassasalariga pedagogik lavozimlarga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Oliy ta'lim muassasasining kunduzgi bo‘limi, sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki (smenali) ta'limi oxirgi kursida o‘qiyotgan shaxslar pedagoglik ishini amalga oshirish uchun qo‘yilishi mumkin va ularga o‘rta maxsus, kasbiy ma'lumotga ega bo‘lgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi.

Bunda oliy ta'lim muassasasining kunduzgi ta'lim kursida o‘qiyotgan shaxslarga haftada yigirma soatgacha dars o‘tilishiga yo‘l qo‘yiladi.

Umumta'lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasidan tarbiyaviy jarayon amalga oshirilishining sifati va samaradorligiga, sinfdan tashqari ishlarga hamda o‘quvchilarni insonparvarlik va mehr-shafqat ruhida tarbiyalashga, tegishli sinflar va o‘quv predmetlari uchun tasdiqlangan Davlat ta'lim standartlarida nazarda tutilgan bilimlar va ko‘nikmalar to‘liq hajmining o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirib olinishi darajasiga qarab kasb mahorati va o‘quv jarayoniga qo‘shilgan aniq hissa, o‘qitishning yuqori samaradorligi va sifati uchun 40 foizgacha miqdorda belgilanadi.

Umumta'lim muassasalari o‘qituvchilariga qo‘shimcha haq to‘lovlari eng kam oylik ish haqiga nisbatan foiz hisobida quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:

a) sinfdagi o‘quvchilar soniga ko‘ra sinf rahbarligi uchun:

15 nafar o‘quvchigacha — 50 foiz;

16 nafardan 20 nafar o‘quvchigacha — 60 foiz;

21 nafardan 25 nafar o‘quvchigacha — 70 foiz;

26 nafardan 29 nafar o‘quvchigacha — 80 foiz;

30 nafar va undan ko‘p o‘quvchi bo‘lganda — 100 foiz;

b) daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik uchun — 50 foiz, sinfdagi (sinf-komplektdagi) o‘quvchilar soni 15 nafargacha bo‘lgan kam komplektli maktablarda esa — 25 foiz;

Ko‘rsatib o‘tilgan qo‘shimcha haqlarni to‘lash ushbu qo‘shimcha haqlarni moliyalashtirish uchun maxsus ajratiladigan byudjyet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Daftarlar va yozma ishlar bo‘yicha tekshiriladigan fanlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

v) har bir informatika kabineti mudirligi uchun — 50 foiz.

Pedagog xodimlar mehnatiga soatbay haq to‘lash:

kasallik, malaka oshirish yoki boshqa sabablar bilan ishda bo‘lmagan xodimlarning o‘rnini bosish tartibida ishlab berilgan soatlar uchun haq to‘lashda;

boshqa muassasalardan jalb etiladigan o‘qituvchilar va boshqa mutaxassislarning, shu jumladan boshqa maktablardan jalb etiladigan o‘qituvchilar va mutaxassislarning ishlab berilgan soatlar uchun haq to‘lashda;

umumta'lim muassasalari rahbar xodimlari va ularning o‘rinbosarlari, psixologi, yoshlar yetakchisi va o‘quvchilarni chaqiriqqa tayyorlov rahbari (mehnat majburiyatiga kiritilgan soatlardan tashqari) tomonidan o‘tilgan dars soatlari uchun haq to‘lashda qo‘llaniladi.

Xalq ta'limi muassasalari pedagog xodimlari mehnatini normalashtirish yillik, choraklik va oylik ish rejalariga asoslangan.

Yillik ish rejasi o‘quv, tarbiyaviy va tashkiliy tusdagi asosiy tadbirlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan ish vaqti sarfi ko‘rsatilgan holda ularning ro‘yxatini o‘z ichiga oladi.

O‘qituvchilarning yillik ish rejasi choraklar va oylar bo‘yicha taqsimlangan bir yildagi 1 548 soat miqdoridagi ish vaqtining jamlangan hisobidan kelib chiqadi.

Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: