Ichimlik suvining global yetishmovchiligi taxmin qilindi

Jahon 11:44 / 14.12.2018 11570

Yangi Janubiy Uels Universiteti (Avstraliya) olimlarining xulosasiga ko‘ra, global iqlim o‘zgarishi uzoq muddatli qurg‘oqchilik va chuchuk suv yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Phys.org’dagi matbuot uchun xabarnomada aytilgan.

Tadqiqotchilar 160 mamlakatdagi 43 000 meteorologik stansiya va 5 300 daryo oqimi monitoringi uchastkalaridan olingan ma'lumotni tahlil qilishdi. Ma'lum bo‘lishicha, iqlim o‘zgarishi tez-tez ekstremal yog‘ingarchiliklarni keltirib chiqarishiga qaramay, katta daryolardagi suv darajasi pasayib bormoqda, bu esa qurg‘oqchilikka olib kelishi mumkin.

Mutaxassislar bunday paradoksga tuproqning qurishi bilan izoh berishmoqda. Haddan tashqari namlangan tuproq ortiqcha namlikning (jami yog‘ingarchilik miqdori 36 foizi) daryoga oqib tushishiga imkon beradi, lekin quruq tuproq suv oqib ketishini kamaytirib, ko‘proq yomg‘ir suvini o‘ziga shimib oladi. Tuproq havo harorati ko‘tarilishi tufayli namlikni yo‘qotadi. Bu butun dunyodagi shaharlar va fermer xo‘jaliklarining suv ta'minoti uchun xavf tug‘diradi. Shu bilan birga, ko‘p yog‘ingarchilik miqdori aholi punktlarida suv toshqinlariga olib keladi, shuning uchun chuchuk suv havzalarini samarali ravishda to‘ldirishning iloji qolmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Antarktidadagi barqaror muzliklar erishni boshlagani ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: