Hokimlarning vakolatlari qisqaradi: kengashlarga endi hokimlar raislik qilmaydi

O‘zbekiston 11:20 / 14.12.2018 85888

O‘zbekistonda deputatlarning vakolatlari kengaytiriladi. Bu haqda mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga safari davomida o‘tkazilgan Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi vaqtida ma'lum qilgan.

«Oliy majlisga qiladigan murojaatimda deputatlarga yanayam ko‘proq vakolatlar beraman. Prezident xalq vakillariga tayanishi kerak.

Ikki yil oldin lavozimga kelganimda vaqti kelib hokimlar saylanishi, hokimlar viloyat kengashlariga rahbar bo‘lmasligini aytgandim. Keyingi yildan shunday bo‘ladi.

Bir rahbar odam ham hokim, ham kengash raisi bo‘lolmaydi. Kerak bo‘lsa, hokim kengashga hisobot beradi. Viloyat va tuman deputatlariga ham vakolatlar beriladi.

Jamiyatda raqobat bo‘lishi kerak. Hamma bir-biriga quloq solishi kerak. Yo‘qsa, O‘zbekiston yana orqaga ketadi», deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident 20 dekabrdan keyin parlamentga murojaat qilishini aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning 8 dekabrida O‘zbekiston respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zlagan ma'ruzasida hokimlar bevosita xalq tomonidan saylanishini taklif qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: