«Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritiladi 

O‘zbekiston 11:05 / 14.12.2018 29950

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida” Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida” qonuniga quyidagi o‘zgartishlar kiritilishi mumkin:

1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 3 sentabrda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida”gi 938-XII-sonli Qonuniga quyidagi o‘zgartishlar kiritiladi:

27-moddaning ikkinchi qismidagi “sakkiz barobari” degan so‘zlar “o‘n barobari” degan so‘zlar bilan almashtiriladi;

31-moddaning oltinchi qismidagi “sakkiz barobaridan” degan so‘zlar “o‘n barobaridan” degan so‘zlar bilan almashtiriladi.

2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtiradi;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta'minlaydi.

3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda mazkur Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini va aholi o‘rtasida mohiyati va ahamiyatini tushuntirilishini ta'minlaydi.

4-modda.  Ushbu Qonun 2019 yilning 1 yanvaridan e'tiboran kuchga kiradi.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida” Qonunning 27-moddasi - Ish staji uchun pensiyalarning oshirilishi. Ikkinchi qismi - Otasidan ham, onasidan ham judo bo‘lgan (chin yetim) bolalarga tayinlanadigan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini oshirish ota va ona ish haqlarining umumiy miqdoridan kelib chiqib, eng kam oylik ish haqining sakkiz barobari miqdori doirasida amalga oshiriladi.

31-modda - O‘rtacha oylik ish haqini aniqlashning umumiy tartibi. Oltinchi qismi - Pensiyani hisob-kitob qilish uchun eng kam oylik ish haqining sakkiz barobaridan ortiq bo‘lmagan miqdordagi o‘rtacha oylik ish haqi olinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident pensiyaga oid yangi hujjatni imzolagani, ishlayotgan pensionerlarga to‘liq pensiya berilishi xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: