AQSh Afrikada Rossiya va Xitoy bilan raqobatni boshlamoqchi

Jahon 14:40 / 14.12.2018 18021

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati yangi yo‘nalishi terrorizmga qarshi kurash emas, balki Rossiya va Xitoy bilan raqobat bo‘lgan, Afrika mintaqasi uchun strategiyani taqdim etdi. Bu haqda The Wall Street Journal yozmoqda.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton tomonidan ma'lum qilingan, Afrikadagi Amerika yangi strategiyasi muvaffaqiyati Vashingtonning mintaqadagi iqtisodiy aloqalariga bog‘liq, deya yozadi WSJ.

Jon Bolton
Foto: AP Photo/Cliff Owen

Vashington Afrika davlatlariga Pekin va Moskva bilan hamkorlikka muqobil variant taklif qilish niyatida, deya ta'kidlanadi materialda. Boltonning so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi Amerika strategiyasi konsepsiyasi «hukmronlik va burch» emas, balki «mustaqillik, erkinlik va o‘sish»dan iborat.

Qo‘shma Shtatlar tashqi qo‘llab-quvvatlov dasturlarini isloh qilish, iqtisodiy aloqalar va xavfsizlik sohasidagi aloqalarni chuqurlashtirish yordamida Rossiya va Xitoyga qarshi kurashishni rejalashtirmoqda. Asosan, strategiya savdo, kreditlar hamda subsidiyalar orqali amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Vashingtonning maqsadi butun qit'a bo‘ylab AQSh sarmoyalarini qo‘llab-quvvatlash, o‘rta sinfning o‘sishi hamda mintaqadagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘ladi.

Amerika strategiyasining yangi yo‘nalishi to‘la asoslangan, deyiladi materialda. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Afrika aholisi 2050 yilga borib 2,5 milliardga yetishi mumkin. Afrika mintaqasidagi do‘stona munosabatlar AQSh iqtisodiy va harbiy manfaatlari uchun juda muhim, deya qayd etadi nashr. Aks holda, qashshoqlik va siyosiy muammolar ommaviy migratsiya hamda xavfsizlik sohasidagi tahdidlar ko‘rinishida beqarorlikka olib keladi, deb yozadi gazeta.

Shuningdek, iqtisodiy munosabatlar jihatidan, Rossiya Afrika mamlakatlariga ko‘p narsa taklif qilolmaydi, biroq Moskva mudofaa sohasida hamkorlik qilayotgan Markaziy Afrika Respublikasi kabi davlatlarda mustahkam o‘rnashib olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy va Rossiya kuchayadigan bo‘lsa, dunyoda falokat yuz berishi taxmin qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: