Adliya vaziri: «OAVda ko‘rsatib bo‘lmaydigan masalalar ham bor»

O‘zbekiston 17:40 / 14.12.2018 15351

Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan seminar-treningda raislik qilgan vazir Ruslanbek Davletov «OAVda inson huquqlariga rioya etishning huquqiy asoslari» mavzusida so‘zga chiqdi. 

Vazir o‘z nutqida ta'kidlashicha, hozirgi kundagi ko‘plab ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan ba'zi xatoliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

«Bulardan jinoyatchilikni yoritishda aybsizlik prezumptsiyasiga rioya etmaslik holatlaridir. Ya'ni, bir jinoiy hodisa haqida xabar berilmoqda va shu xabarning o‘zida bu insonga jinoyatchi tamg‘asi yopishtirilmoqda. Aybni esa faqat sud belgilab beradi», deya vazir so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Bundan tashqari, ayrim jurnalistlar tomonidan mavjud qonunchilikni puxta bilmasligi sababli, bir maqolaning ichida jinoyat qonunchiliklaridan, aybsizlik prezumptsiyalaridan misollar keltiriladi, lekin masalaning tag zamiriga qaralsa, u fuqarolik munosabati hisoblanadi. Bunday noto‘g‘ri holatlar aniqlansa, internet nashrlarda to‘g‘rilatayapmiz, ammo OAV bosma nashr bo‘lsa-chi?

Internet va bosma nashrlarda jinoyatchilik haqida ko‘plab maqola va xabarlar yoritilmoqda. Ularning ayrimlari jamiyatda salbiy oqibatlar ham keltirib chiqaradi. Chunki ba'zi bir masalalar borki, ularni oshkora, ro‘y-rost e'lon qilib bo‘lmaydi. Bu o‘sha jinoyatning o‘ziga xos reklamasi, tashviqotiga o‘xshab qolmoqda. Odamning yuzini ko‘rsatish masalasida ham qonunchilik oqsab kelmoqda. Qachon insonning yuzini ko‘rsatish kerak, qachon kerak emas, degan masala hamon ochiq qolmoqda. Bu bo‘yicha jahon tajribasi asosidagi takliflar kiritiladi», dedi  vazir.

Vazir shuningdek, jurnalistlar holatni bir tomonlama o‘rganishayotgani bo‘yicha e'tiroz bildirib o‘tdi. Jurnalistik surishtiruv o‘tkazishda hamisha ikkinchi tomonni ham eshitish taklifi berildi. 

Vazir shunday xatoliklar kelib chiqmasligi uchun ommaviy axborot vositalari Adliya vazirligi bilan birga hamkorlikda ishlashini taklif etdi.

«Bizning asosiy vazifamiz qonunlarni,  Prezident islohotlarini xalqqa to‘g‘ri yetkazib berish», dedi Adliya vaziri. 

«Masalan, Borovskiy nomidagi kollejda yuz bergan voqeada ham ommaviy axborot vositalari ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yishganiga guvoh bo‘ldik. Bu ish bo‘yicha yuzlab versiyalar paydo bo‘ldi. Guvohlar paydo bo‘ldi. Guvohlar o‘zi cheklangan edi. Guvoh — bo‘lib o‘tgan voqeaning kuzatgan odam hisoblanadi. Nashrlarda «Guvohi bo‘lgan odamdan eshitdim, aslida bunday bo‘lgan ekan», degan ma'lumotlar paydo bo‘ldi. Fuqarolar rasmiy ma'lumotlarga ishonqiramay boshlashdi. Bunga ham ma'lum bir obektiv sabablar bor: chunki, yillar davomida korrupsiya, sud-huquq tizimidagi va qonun ustuvorligini ta'minlashdagi kamchiliklar natijasida fuqarolar boshqa quloqqa yoqadigan versiyalarni eshitishni ma'qul ko‘radigan bo‘lib ketishgan», dedi Ruslan Davletov.

Vazirning ma'lum qilishicha, 2017 yilda tuhmat va haqorat qilishda ayblanib 37 805 nafar fuqaro javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 2018 yil yarmining o‘zida 41 ming odam javobgarlikka tortilgan.

Yig‘ilish davomida Adliya vaziri Kun.uz muxbirining Andijon viloyat hokimining hashar haqida chiqargan qarori haqidagi savoliga javob bergan: «Bu masalada taqdimnoma kiritilgan. Qarorning to‘g‘ri joylari ham bor, xato joylari ham».
 

Ko‘proq yangiliklar: