«O‘zstandart» qoshida yangi departament va ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

O‘zbekiston 09:15 / 13.12.2018 4175

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar standartlashtirish va metrologiya boshqarmalarini tugatgan holda “O‘zstandart” agentligi qoshida Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta'minlash departamenti tashkil etilmoqda va unga quyidagi asosiy vazifalar yuklanmoqda:

texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunbuzilishlarining oldini olish va profilaktika qilishni amalga oshirish;

texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya masalalarida tadbirkorlik sub'yektlariga har tomonlama yordam ko‘rsatish;

texnik reglamentlar, standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi, o‘lchov birliklari yagonaligi va ishonchliligini ta'minlash, majburiy sertifikatlashtirish qoidalari talablari bajarilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish va amalga oshirish.

Belgilanishicha, Departament yuridik shaxs hisoblanadi, uning faoliyati ustidan umumiy rahbarlik va nazorat Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.

Agentlikning Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti va “Axborot-ma'lumot markazi” davlat korxonasi negizida “O‘zstandart” agentligi huzuridagi Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti standartlashtirish bo‘yicha tarmoq texnik qo‘mitalarining faoliyatini muvofiqlashtirish, standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlarni, shu jumladan, shartnoma asosida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va boshqa tashkilotlarning arizalari bo‘yicha ishlab chiqish va realizatsiya qilish, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha bazaviy tashkilot etib belgilandi.

Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot institutining ishchilariga O‘zbekiston Respublikasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari bo‘yicha ishchilar uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llaniladi.

Agentlik bir oy muddatda Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Ko‘proq yangiliklar: