O‘zbekistonda sud ishtirokchilari, guvohlarni himoya qilish dasturi qonun bilan tartibga solinadi

O‘zbekiston 15:18 / 13.12.2018 3764

​Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud ichki ishlar organlariga ishda ishtirok etayotgan shaxslarning hayoti, salomatligi, sha'ni, qadr-qimmati va mol-mulki muhofaza qilinishini ta'minlovchi barcha zarur choralarni ko‘rish xususida yozma ravishda topshiriq berishga haqlidir.

Biroq, amaldagi qonun hujjatlarida himoya choralari tizimini aniqlash tartibi, shuningdek ularni qo‘llash asoslari va tartibi aniq belgilab berilmagan, deb hisoblaydi senator Batir Matmuratov.

13 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining XVII yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda yig‘ilgan senatorlar kun tartibidan o‘rin olgan “Jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqishdi. 

JPKning 270-moddasiga muvofiq, jabrlanuvchi, guvoh yoki ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga, shuningdek ularning oila a'zolari yoki yaqin qarindoshlariga o‘ldirish, kuch ishlatish, mol-mulkini yo‘q qilib tashlash yoxud mol-mulkiga shikast yetkazish bilan yoki o‘zga g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinayotir deyish uchun yetarli ma'lumotlar mavjud bo‘lgan taqdirda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud bu shaxslarning hayoti, salomatligi, sha'ni, qadr-qimmati va mol-mulkini muhofaza qilish, shuningdek aybdorlarni aniqlash hamda ularni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rishlari shart.

Shunga ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud ichki ishlar organlariga ishda ishtirok etayotgan shaxslarning hayoti, salomatligi, sha'ni, qadr-qimmati va mol-mulki muhofaza qilinishini ta'minlovchi barcha zarur choralarni ko‘rish xususida yozma ravishda topshiriq berishga haqlidir.

Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Batir Matmuratovga ko‘ra, himoya choralari tizimini aniqlash tartibi qonun bilan belgilanishi lozim. 

Qonun bilan 

  • jabrlanuvchi va uning qonuniy vakili;
  • guvoh;
  • jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi;
  • gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari;
  • mahkum, oqlangan shaxs, o‘ziga nisbatan jinoyat ishi tugatilgan shaxs;
  • fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari;
  • ekspert, mutaxassis, tarjimon va xolis himoya qilinuvchi shaxslar etib ko‘rsatilmoqda. 

Ushbu shaxslarning oila a'zolari va yaqin qarindoshlari ham himoya qilinuvchi shaxslar bo‘lishi mumkin.

"Shu bilan birga, himoya qilish choralari jinoyat ishi qo‘zg‘atilguniga qadar arizachiga, jinoyat shohidiga (ochevidets) yoki jinoyatning oldini olishga yoxud uni fosh etishga ko‘maklashuvchi shaxslarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin", - deydi senator Matmuratov.

Qonunda yozilishicha, himoya qilishni ta'minlash to‘g‘risidagi qaror jinoyat ishini yuritayotgan, tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni, dastlabki tergovni amalga oshirayotgan organlar va sud tomonidan qabul qilinadi. Ichki ishlar organlarining yoki Davlat xavfsizlik xizmati organlarining yurituvida bo‘lgan jinoyat ishlari bo‘yicha himoya qilinuvchi shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralari mazkur organlar tomonidan ta'minlanadi.

Sudning yoki prokuratura organining yurituvida bo‘lgan jinoyat ishlari bo‘yicha himoya qilinuvchi shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralari himoya qilinuvchi shaxs joylashgan yerdagi ichki ishlar organlari tomonidan sudning yoki prokurorning qaroriga binoan ta'minlanadi.

Qonunning qabul qilinishi moliyaviy xarajatlarni talab qilmaydi. Biroq, Qonun normalarini amalga oshirish, ya'ni vakolatli organlar tomonidan jinoyat protsessi ishtirokchilariga nisbatan shaxsni qo‘riqlash, turar joy va boshqa mol-mulkni qo‘riqlash, individual himoya vositalarini va texnik vositalarni berish, vaqtinchalik xavfsiz joyga joylashtirish, boshqa yashash joyiga ko‘chirish, ish (xizmat) yoki o‘qish joyini o‘zgartirish, hujjatlarni almashtirish va qiyofani o‘zgartirish kabi xavfsizlik choralarining qo‘llanishi moliyaviy xarajatlarni talab etadi.

Ma'lumot uchun, qonun O‘zbekiston    Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi”ning 7-bandining ijrosini ta'minlash maqsadida Oliy Sud tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: