O‘zbekistonda DXXning soxta xodimi qo‘lga olindi. U fuqarolarni 100 ming dollarga «uxlatgan»

Jamiyat 13:50 / 13.12.2018 45544

1955 yili Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida tug‘ilgan J.M. mahalliy fuqaroga o‘zini Mudofaa Vazirligining maxsus operatsiyalar bo‘limidan polkovnik, deb tanishtirib, uni kelgusida Davlat xavfsizlik xizmati idoralariga ishga joylashtirib qo‘yishni va'da qiladi va evaziga 8 ming AQSh dollari so‘raydi. 

O‘zA’ning yozishicha, u Qamashi tumani Iftixor ko‘chasida joylashgan “Hunarmand” oshxonasida yuqorida qayd etilgan 8 ming AQSh dollaridan 4 mingini olayotgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Tezkor tadbir davomida uning yonidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining maxsus operatsiyalar bo‘limi, polkovnik J.M. nomiga soxta ma'lumotlar bilan yozilgan qalbaki xizmat guvohnomasi topildi.

Bundan tashqari, o‘zini DXX xodimi deya tanishtirib, odamlar ishonchiga kirgan va hokimiyat idoralari bilan bog‘liq muammolarini hal qilib berish evaziga tovlamachilik qilib, ularning pulini olish bilan shug‘ullangan Xiva shahrida yashovchi 39 yoshli D.R.ning ham noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yildi.

Aniqlanishicha, D.R. bir necha fuqaroga yer uchastkalari ajratib berilishida yordamlashishni va'da qilib, ulardan jami 100 ming dollardan ortiq miqdorda pul olgan.

Hozirda M.J. hamda D.R.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- va 211-moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: