O‘zbek Milliy akademik drama teatrida Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi

Jamiyat 08:06 / 13.12.2018 1490

2018 yil 12 dekabr kuni Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan Toshkent shahrining Yunusobod tumani Chingiz Aytmatov ko‘chasida o‘rnatilgan adib siymosi aks etgan yodgorlik – barelefning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Chingiz Aytmatov yodgorligi – barelefi atrofida davlat va jamoat arboblari, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari va talabalari, Qirg‘iz milliy-madaniy markazi faollari, taniqli davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat va san'at namoyandalari, adabiyot sohasi vakillari, ijodkor ziyolilar, Tashqi ishlar vazirligi, Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi va keng jamoatchilik vakillari to‘planadi. 

Tantanali tadbirni O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov qisqacha kirish so‘zi bilan ochdi. Ilk so‘z O‘zbekiston Respublikasi prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovga berildi.

— Bugun biz buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov yodgorligi – barelefining tantanali ochilish marosimiga yig‘ildik, — dedi A. Abduvohidov. — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda. Oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar ikki mamlakatning taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.

Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatovning yodgorligi – barelefini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Saidov, Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat, axborot va turizm vaziri o‘rinbosari Baqytbek Sekimovlar ochdi.

 Bundan tashqari, O‘zbek Milliy akademik drama teatrida Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Teatr foyesining markaziy qismiga “Chingiz Aytmatov ijodidan namunalar” nomli stend o‘rnatilib, adibning O‘zbekistonda chop etilgan asarlari, turli yillarda adib haqida yozilgan kitoblar, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qaroriga asosan adibning 90 yilligiga bag‘ishlab nashrdan chiqarilgan kitoblar, ushbu sana munosabati bilan joylarda o‘tkazilgan tadbirlar, “Chingiz Aytmatov va o‘zbek adabiyoti” mavzusida ilmiy konferensiya, Toshkent shahridagi ko‘chaga nomi berilishi, asarlari asosida filmlar, spektakllar sahnalashtirilishi aks ettirilgan suratlardan iborat ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Sahnada o‘rnatilgan ulkan monitorda “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov 90 yoshda” lavhasi, taniqli ijodkorlarning u kishi haqida aytgan so‘zlari aks etdi.

Ijodiy kecha davomida “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan suratga olingan “Ikki elning suyukli farzandi” hujjatli filmi, Chingiz Aytmatovning “Jamila”, “Oq Kema” qissalari asosida sahnalashtirilgan spektakllardan parchalar, san'at ustalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.

Ko‘proq yangiliklar: