Prezident sertifikatlashtirishga oid yangi qarorni imzoladi. 1 yanvardan yangi tartib o‘rnatiladi

O‘zbekiston 08:50 / 13.12.2018 17918

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “O‘zstandart” agentligining 2019 yil 1 yanvardan quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni o‘rnatish takliflari ma'qullandi:

Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkiloti (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya qilish forumi (IAF) to‘laqonli a'zolari hisoblangan davlatlarning sertifikatlashtirish organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlari yoki sinov bayonnomalari taqdim etilganda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ko‘p miqdorda bo‘lmagan tadbirkorlik sub'yektlari (erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari bundan mustasno) o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiradigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan ixtisoslashgan va qishloq xo‘jaligi texnikasi, texnologik uskunalar va ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, shuningdek, majburiy sertifikatlanishi lozim bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan nooziq-ovqat xomashyo, materiallar va buyumlar majburiy sertifikatlashtirishdan ozod qilinadi;

tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan o‘lchash vositalariga muvofiqlik sertifikatini taqdim etmagan holda uni bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida o‘rnatilgan tartibda olish sharti bilan bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi;

Milliy o‘lchash etalonlari va milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va o‘lchash sertifikatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi kelishuvni (CIPM MRA) imzolagan mamlakatlarning Milliy metrologiya organlari tomonidan rasmiylashtirilgan amaldagi kalibrlash (yoki tekshirish) sertifikatlari taqdim etilganda o‘z ehtiyojlari uchun texnologik jarayonlarda foydalaniladigan import bo‘yicha olib kiriladigan o‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyalash (turini tasdiqlash) soddalashtirilgan tartibda, bir kun muddatda tan olish tartibotlari yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

soddalashtirilgan tartibda olib kiriladigan tovarlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini ta'minlash, shuningdek, ularning maqsadli ishlatilishiga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan tadbirkorlik sub'yektlarining mansabdor shaxslari mas'ul hisoblanadi;

soddalashtirilgan tartib, davlat bojxona xizmati organlariga (shu jumladan, uchinchi shaxslar tomonidan) tovarlar ularni ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kirayotgan tadbirkorlik sub'yekti tomonidan ularni ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun maqsadli ishlatilishi to‘g‘risidagi majburiyatlari, shuningdek, o‘rnatilgan tartibda bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida o‘lchash vositalarini sertifikatlashtirish amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan kafolat xati taqdim etilishi sharti bilan qo‘llanadi;

davlat bojxona xizmati organlari, bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgandan so‘ng uch kun muddatda soddalashtirilgan tartibda olib kirilgan tovarlar importi to‘g‘risida idoralararo axborot almashinuvi vositasi orqali O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga va Agentlikka ma'lumot taqdim etadi;

soddalashtirilgan tartibda olib kiriladigan tovarlardan maqsadli foydalanish ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.

Sifat menejmenti tizimlarini joriy etgan va milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalardan foydalanadigan tadbirkorlik sub'yektlariga ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan mahsulotning muvofiqligini deklaratsiyalash yo‘li bilan tasdiqlash huquqi berildi.

Ko‘proq yangiliklar: