O‘zbekistonda sportning texnik va amaliy turlari yanada rivojlantiriladi 

O‘zbekiston 23:01 / 13.12.2018 3955

2019–2021 yillarda O‘zbekistonda sportning texnik va amaliy turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.

Dasturda sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy bazasini takomillashtirish, sportning texnik va amaliy turlari murabbiylari va mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini joriy etish, milliy va xalqaro musobaqalarning g‘olib va sovrindorlarini rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Dasturga muvofiq, “Vatanparvar” MKT huzuridagi Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha yuqori malakali sportchilarni tayyorlaydigan muassasa hisoblanadi va quyidagi vazifalarni bajaradi:

- sportning texnik va amaliy turlari bilan shug‘ullanish uchun zarur sport ko‘nikmalariga ega iqtidorli va istiqbolli bolalarni sinchkovlik bilan tanlab olish, ularda tanlangan sport turi bo‘yicha qobiliyatni, sport salohiyatini, kasbiy ko‘nikma va mahoratni rivojlantirish;

respublikaning terma jamoalari uchun sport zaxirasi va yuqori toifali sportchilarni tayyorlash bo‘yicha eng yangi ilmiy-metodik tavsiyalar hamda yutuqlar asosida o‘quv-mashq jarayonini samarali tashkil etish va amalga oshirish;

sport zaxirasi va yuqori toifali sportchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv-mashq jarayonini tashkil etish uchun zamonaviy infratuzilmani tashkil etish hamda malakali murabbiylar tarkibini shakllantirish;

sportchilar va murabbiylarning kasbiy mahoratini oshirish sohasida muntazam asosda tajriba almashishni tashkil etish orqali xorijiy sport muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga umumiy qabul kvotalari doirasida sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash uchun kvotalar ko‘zda tutiladi.

Avtomobil va mototsikl sporti, sportning aviamodel va raketamodel turlari hamda olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha respublika musobaqalarida birinchi, xalqaro musobaqalarda (Olimpiya o‘yinlari, Osiyo o‘yinlari, jahon chempionati va Osiyo chempionatida) birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘rinlarni egallagan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta'lim maktablarining bitiruvchilariga tegishli oliy ta'lim muassasalariga ta'limning ushbu sohadagi yo‘nalishlarga umumiy qabul kvotalari doirasida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta'minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida shartnoma asosida sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha sport tashkilotlarining seksiya va to‘garaklari mutaxassislari va o‘qituvchilarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari tashkil etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: