​O‘zbekistonda Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazlari tashkil etiladi

O‘zbekiston 22:36 / 13.12.2018 3938

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston prezidentining qarori loyihasi e'lon qilindi.

Unda ma'lumot berilishicha, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan ta'lim muassasalari va avtodromlarni ularning asosiy vositalari, o‘quv va moddiy-texnik bazasi bilan birgalikda mulk qilib davlatga beg‘araz berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ta'lim muassasalari va avtodromlarni ularning asosiy vositalari, o‘quv va moddiy-texnika bazasi bilan birga operativ boshqarish huquqi asosida qabul qilib oladi.

Mudofaa vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazlari tashkil etiladi. 

Markazga Mudofaa vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi.

Markazlar faoliyati tashkil etilgunga qadar chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash amaldagi tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Markazlarga avtomototransport vositalarining haydovchilarini, shuningdek, ommaviy texnik kasblarning boshqa mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarga pullik xizmatlar ko‘rsatish hamda haydovchilar va ommaviy texnik kasblarning boshqa mutaxassislarini tayyorlash uchun Mudofaa vazirligi bo‘linmalarining o‘quv va moddiy-texnik bazasidan beg‘araz foydalanishga ruxsat beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: