Mudofaa ishlari boshqarmalari huzurida yangi tayyorlash markazlari tashkil etiladi

O‘zbekiston 09:27 / 13.12.2018 5983

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan ba'zi ta'lim muassasalari va avtodromlarni ularning asosiy vositalari, o‘quv va moddiy-texnik bazasi bilan birgalikda mulk qilib davlatga beg‘araz berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ta'lim muassasalari va avtodromlarni ularning asosiy vositalari, o‘quv va moddiy-texnika bazasi bilan birga operativ boshqarish huquqi asosida qabul qilib oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Belgilab qo‘yilishicha:

Markazga O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi;

Markaz direktori maqomi va mehnatga haq to‘lash (pul ta'minoti) sharoitlariga ko‘ra mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

Markaz fuqaro xodimlarining ish haqi mudofaa ishlari boshqarmalarining fuqaro xodimlari uchun belgilangan tartib va me'yorlarda to‘lanadi;

Markazlarning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetining mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

mudofaa ishlari boshqarmalari Markazlarda tayyorgarlikdan, qayta tayyorgarlikdan o‘tgan va malakasini oshirgan avtomototransport vositalari haydovchilarining, shuningdek, ommaviy texnik kasblarning boshqa mutaxassislarining hisobini yuritadi;

Markazlar faoliyati tashkil etilgunga qadar chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash amaldagi tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Quyidagilarga:

a) Markazlarga:

avtomototransport vositalarining haydovchilarini, shuningdek, ommaviy texnik kasblarning boshqa mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarga pullik xizmatlar ko‘rsatish;

avtomototransport vositalari haydovchilarini, shuningdek, ommaviy texnik kasblarning boshqa mutaxassislarini tayyorlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bo‘linmalarining o‘quv va moddiy-texnik bazasidan beg‘araz foydalanish;

b) O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga Markazlarning pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan bo‘sh mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirish, keyinchalik ular bo‘yicha to‘langan foizlardan:

yoshlarni ma'naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash faoliyatini amalga oshirish uchun;

Markazlarning hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining moddiy-texnik bazasini qurish, ta'mirlash, mustahkamlash va rivojlantirish uchun foydalanishga ruxsat berildi.

Ko‘proq yangiliklar: