“Ittifoq ta'lim granti” loyihasida 227 nafar talabaga 800 mln so‘m mablag‘ ajratildi

Jamiyat 13:52 / 13.12.2018 5723

12 dekabr kuni Toshkent shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan  “Ittifoq ta'lim granti” loyihasining 55 nafar sovrindorni  taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda boquvchisini yo‘qotgan,  imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga maxsus sertifikatlar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.  

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini o‘z vaqtida himoya qilish  mamlakatdagi o‘zgarish va yuksalish jarayonini orqaga qaytishiga yo‘l bermaydigan ijtimoiy tayanchdir. O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining shakllanishida ham yoshlarni ijtimoiy himoya qilish muhim vazifalarimizdan biri, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bosh mutaxassisi Hayot Qosimov. — “Ittifoq ta'lim granti” loyihasi  ana shu vazifalarning ijrosi va yoshlarning jamiyatda munosib o‘rnini topishi, o‘z ustida ishlab kuchli mutaxassis bo‘lib yetishishiga ko‘maklashmoqda. 

“Ittifoq ta'lim granti” loyihasi orqali 227 nafar sovrindor talabaning 50 foiz to‘lov–shartnoma mablag‘lari tahsil olayotgan oliy ta'lim muassasalariga o‘tkazib beriladi. Mazkur loyiha uchun jami 800 mln so‘m miqdorda mablag‘ ajratildi. 

— Joriy yil O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga to‘lov shartnomasi asosida talabalikka tavsiya etildim. Biroq oilaviy sharoitdagi moddiy qiyinchiliklar sabab o‘qishdan voz kechishga to‘g‘ri kelayotgandi. O‘sha paytlar yaqin dugonamdan mazkur loyiha haqida eshitib qoldim. O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga hujjatlarimni topshirib, bugun “Ta'lim granti” sovrindorlari qatoridan joy oldim, – deydi loyiha g‘oliblaridan Madina Yo‘ldosheva. — 11 yoshimdan beri sportning gimnastika turi bilan shug‘ullanib kelaman va bu yo‘nalishda viloyatda bo‘lib o‘tgan musobaqalarda faol ishtirok etganman. 2012 yil bo‘lib o‘tgan Xalqaro “Happy caravan” musobaqasida jamoaviy chiqish bo‘yicha oltin medal, 2013 yil Namangan viloyatida bo‘lgan “O‘zbekiston chempionati” va 2014 yil Namangan shahrida o‘tkazilgan “Barkamol avlod“ musobaqasida bronza medal, 2015 yilgi “O‘zbekiston Respublikasi kubogi musobaqasi”da jamoaviy chiqish bo‘yicha kumush medal sohibi bo‘lganman. 2016 yildan buyon Jizzax terma jamoasida o‘z murabbiylik faoliyatimni yo‘lga qo‘ydim.

2017 yil shogirdim Sahobova Madina yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Respublika chempionatida oltin medal, 2018  yil xalqaro musobaqada jamoaviy chiqishda kumush medal sohibasi bo‘ldi. Bugungi rag‘bat va ishonchni oqlash uchun kelgusida shogirdlarimni jahon chempionlari qilib tarbiyalashga harakat qilaman. 

“Ittifoq ta'lim granti” loyihasi covrindorlarini aniqlashda asosiy e'tibor talabaning ayni vaqtdagi ijtimoiy-moddiy ahvoli, jamoatchilik ishlarida faolligi va erishgan yutuqlariga qaratildi. 

— Men Guliston davlat pedagogika universiteti biologiya yo‘nalishining 1-bosqich talabasiman.  Bolalar tarbiyasi, maktabgacha ta'lim muassasasi va undagi islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib boraman. Bu qiziqish keyinchalik shu soha bo‘yicha kasb tanlash istagini uyg‘otdi. 2018 yilda mazkur yo‘nalish bo‘yicha o‘qishga hujjat topshirdim. Ammo, shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindim. Shartnoma pulini to‘lashga esa imkoniyatimiz yetarli emas edi. Shu orada “Ittifoq ta'lim granti” loyihasi haqida xabar topdim va tashkilotga hujjatlarimni topshirdim. Natijada bugun o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldim.  Bu rag‘batga javoban kelgusida nutqi va eshitishida nuqsoni bor bolalar uchun maxsus maktabgacha ta'lim muassasasini ochish orqali taraqqiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishni oldimga maqsad qildim. Yoshlarga har tomonlama tayanch bo‘layotgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqidan cheksiz minnatdorman, – deydi sovrindor Shahnozabonu Komilova.

Tadbir davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan loyiha doirasida yoshlar orasidagi ijtimoiy muammolarni hal etishdagi ko‘magi uchun “O‘zpaxtasanoat”,  “O‘zavtosanoat”, O‘zdonmaxsulot” kabi aksiyadorlik jamiyatlari va "Orient Finans Bank" xususiy aksiyadorlik tijorat banki, “Asia Alliance Bank” ga  tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Ko‘proq yangiliklar: