Xitoyda Kanadaning ikki fuqarosi hibsga olindi. Bundan avval Huawei asoschisining qizi Kanadada ushlangandi

Jahon 14:56 / 13.12.2018 9089

Kanada Tashqi ishlar vazirligining ma'lum qilishicha, tadbirkor Maykl Spavor Xitoyda bedarak yo‘qolgan. Bu haqda BBC News xabar bermoqda.

Xitoy TIV xabariga ko‘ra, u milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi harakatlarni sodir etishda gumon qilinib hibsga olingan.

Maykl Spavor 10 dekabr kuni qo‘lga olindi. U Kanada hukumatiga uni so‘roq qilishayotgani haqida xabar yo‘llashga muvaffaq bo‘ldi. Shu bilan birga, Pekinda kanadalik sobiq diplomat Maykl Kovrigni shunga o‘xshash ayblovlar bilan hibs qilishdi.

Maykl Kovrign va Maykl Spavor
Foto: AP

Kanadada 1 dekabr kuni AQSh talabi bilan Huawei asoschisining qizi Men Vanchjou qo‘lga olindi. U kompaniya moliyaviy direktori va direktorlar kengashi raisi o‘rinbosari hisoblanadi. 12 dekabr kuni Men Vanchjou garov evaziga ozod qilindi, biroq u hali ham AQShga ekstraditsiya qilinishi mumkin.

AQSh Men Vanchjouni Eronga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni buzganlikda gumon qilmoqda. Amerika rasmiylari versiyasiga ko‘ra, Huawei Eronda biznesi bo‘lgan Skycom kompaniyasi bilan aloqalarini yashirgan. Men Vanchjou aybini tan olmadi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Xitoy bilan «texnologik urushni» boshlamoqchi ekani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: